Jahon banklari uch-besh yil ichida sun’iy intellekt odamlar bajarayotgan vazifalarni o‘z zimmasiga olishi sababli ish o‘rinlarini 200 minggacha qisqartiradi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri tahliliy bo‘linmasi tomonidan tayyorlangan hisobotga tayanib.
“Bloomberg Intelligence” tadqiqoti doirasida “Citigroup”, “JPMorgan Chase & Co.” va “Goldman Sachs Group” kabi bir qator banklarning axborot va texnologiya masalalari bo‘yicha direktorlari bilan suhbat o‘tkazdi.
Jami 93 nafar respondent so‘rovda ishtirok etdi. Ularning deyarli to‘rtdan bir qismi xodimlar sonini 5−10%ga qisqartirishni bashorat qilmoqda.
“Bloomberg"ning xabar berishicha, respondentlar o‘rtacha hisobda xodimlarning umumiy sonini 3%ga kamaytirish kutilayotganini aytishmoqda.
Shu bilan birga, bank vakillari sun’iy intellekt insonni to‘liq sohadan siqib chiqarishga emas, balki ishchi kuchini o‘zgartirishga olib keladi, deb hisoblashadi.
Tahlilchi Tomash Noetzelning fikricha, banklarning orqa va o‘rta ofislari hamda operatsion bo‘linmalari xodimlarni sun’iy intellektga almashtirish xavfiga eng ko‘p duch keladi.
Uning aytishicha, o‘zgarishlar mijozlarga xizmat ko‘rsatish va mijozlarni tekshirish jarayoniga ham ta’sir qiladi. Noetzelning ta’kidlashicha, “Kundalik va takrorlanuvchi vazifalar bilan bog‘liq har qanday ish xavf ostida qoladi”.
Uning fikriga ko‘ra, sun’iy intellekt bu sohadagi xodimlarni to‘liq almashtirib qo‘ymaydi, balki ishchi kuchining transformatsiyasiga olib keladi.
“Bloomberg Intelligence” sohadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar banklar daromadlarining o‘sishiga olib kelishini kutmoqda.
Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2027-yilga kelib banklarning soliqlar chegirilguniga qadar foydasi hozirgi bashoratlarga nisbatan 12−17%ga oshishi mumkin. Bu esa sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirish hisobiga umumiy foydaga $180 mlrdgacha qo‘shilishiga olib keladi.
“Bloomberg"ning ma’lum qilishicha, so‘rovnomada qatnashganlarning 80%i uch-besh yil ichida sun’iy intellekt tufayli unumdorlik va daromadlarning kamida 5%ga o‘sishini kutayotganini ta’kidlagan.
“Citi” 2024-yil iyunda sun’iy intellekt bank sohasi xodimlarini boshqa sohalardan ko‘ra ko‘proq o‘rnini bosishini ta’kidlagan edi. Bank baholashiga ko‘ra, bank sektoridagi ish o‘rinlarining 54%i avtomatlashtirish uchun yuqori imkoniyatga ega.
Shunga qaramay, “Bloomberg” xabar berishicha, ko‘plab kompaniyalar o‘zgarishlar xodimlarning to‘liq almashtirilishiga emas, balki ish vazifalarining o‘zgarishiga olib kelishini ta’kidlamoqda.
Masalan, “JPMorgan"da sun’iy intellektni joriy etishga mas’ul bo‘lgan Tereza Xaytsenreter noyabr oyida bank tomonidan generativ sun’iy intellektdan foydalanish hozircha mavjud ish o‘rinlarini to‘ldirayotganini aytgan edi.
Avvalroq “Spot” Xitoy banklari HR xodimlarini sun’iy intellektga almashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ayrim banklar xodimlarni tanlash xarajatlarini kamaytirish va samaradorlikni oshirish maqsadida mazkur chorani joriy etmoqda.
Shuningdek, Polshada radiostansiya boshlovchilarini sun’iy intellekt bilan almashtirgani haqida xabar berilgandi.
Hozirda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan uchta boshlovchi “OFF Radio Krakov” radiosida ishlamoqda.