2024-yilning 11 oyida O‘zbekiston umumiy qiymati $1,18 mlrdga teng bo‘lgan 68 684 dona avtomobil import qildi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Birgina kuz oylarida xorijdan $206 mlnlik 20,6 mingga yaqin avtomobil olib kelingan. Bu hajmni 2023-yil bilan taqqoslash mumkin, o‘shanda mamlakatga 73 mingdan ortiq avtomobil import qilingandi.
O‘tgan yili importning uchdan bir qismidan kamrog‘i — 22,2 mingtasi elektromobillar hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, uning qiymati $215,3 mlnni yoki umumiy ko‘rsatkichning qariyb 18%ini tashkil etdi.
Asosiy avtotransport yetkazib beruvchisi Xitoy bo‘lib qolmoqda. Yanvar-noyabr oylarida mamlakatdan 55,7 mingta mashina olib kelindi, bu umumiy yetkazib berishning 81%ini egallaydi. Bunga 22,1 mingta elektromobil — ularning deyarli butun hajmi kiradi.
O‘zbekiston bozoriga avtotransport vositalarini import qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 11,2 ming dona avtomobil bilan Janubiy Koreya egallaydi. Kuchli uchlikni sezilarli darajadagi past ko‘rsatkich — 633ta mashina bilan AQSh yakunladi. Yana 577ta avtomobil Hindistondan, 152tasi Yaponiyadan olib kelingan.
Elektromobillar bo‘yicha Qozog‘iston 51ta avtomobil bilan Xitoydan keyingi eng yirik yetkazib beruvchiga aylandi. Keyingi o‘rinlarda Gonkong va Germaniya turibdi — mos ravishda 17 va 14ta elektromobil.
1-noyabrdan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Endi ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi. Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi.