Human House galereyasi egasi va badiiy direktori Lola Sayfi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaga kreativ sanoat uchun soliq rejimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qildi.
Tadbirkor Saida Mirziyoyevaga yo‘llagan murojaatida uning O‘zbekistonda kreativ sanoatni rivojlantirishda faol ishtirok etayotganini ta’kidlagan. Galereya egasi “Human House” loyihasini o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan rivojlantirishni “juda qiyin” deb baholadi va “lekin qilayotgan ishimni yaxshi ko‘raman va taslim bo‘lmayman”, dedi.
2024-yilda “Human House” aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshdi, uning ichiga “O‘zbekistonning barcha hududlaridan 250dan ortiq kichik hunarmand va ustalarning” pullari ham kiradi, dedi u. “Oddiy ijodkorlar uchun hujjat aylanmasini yuritish qiyin bo‘lgani uchun” galereya aylanmaning 4%ini, shu jumladan hunarmandlar uchun ham to‘lagan.
“Ammo endi QQSga o‘tish munosabati bilan mening solig‘im 10 baravardan ko‘proq oshadi. O‘tirib, bir necha marta sanab chiqdim. Bunday soliq mening biznesimni o‘ldiradi. Qo‘lda tayyorlangan buyumlarni ishlab chiqarishda tannarx juda yuqori bo‘lib, daromad ham yuqori bo‘lmaydi. Ayniqsa, biz butun dunyodan kelgan mehmonlar madaniyatimizning bir qismini o‘z mamlakatiga olib ketishlari uchun demokratik narxlarni ushlab turishga harakat qilamiz”, — deb yozadi u.
Lola Sayfi kreativ sanoat uchun “uchrashuvga borishni va yanada shafqatli soliq rejimini yaratishni” so‘radi. Tashabbus sifatida u aylanmadan olinadigan soliqning 4%iini qoldirishni taklif qildi va “halol soliq to‘lovchilardan biri bo‘lish"ga tayyorligini bildirdi.
“Aks holda, 12% QQS, 15% foyda solig‘i hamda buxgalter maoshini to‘lash zarurati (hozir ham ular kam emas) meni biznes sifatida galereyani yopish zarurati oldiga olib kelmoqda”, — dedi u.
“Iltimos, ijod qilishni va o‘z ijodi orqali boshqalarga yordam berishni istaydigan oddiy o‘zbek ayoliga yechim topishga yordam bering” — deya murojaatini yakunlagan “Human House” egasi.
Oktabr oyida “Spot” Lola Sayfi bilan O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi haqida suhbatlashgandi. U hududlarda ishchi guruhlar tuzib, ular bilan qonunning har bir jihatini ishlab chiqishni tavsiya qildi.
Avvalroq “Meros Phram” kompaniyasi direktori Suhrob Po‘latov dorixonalar o‘rtasida yagona QQS tizimini joriy etishni taklif qilgandi.