Eron hukumati O‘zbekiston yuk avtomobillarining kirishi uchun yig‘im stavkasini nolgacha pasaytirdi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Nol darajali stavka islom respublikasiga va undan yuk tashish uchun ham, uning hududi orqali tranzit uchun ham amal qiladi. Tegishli qaror 10 yanvardan kuchga kiradi.
Bungacha kirish to‘lovi $400ni tashkil etgan. Transport vazirligi Eron tomoni bilan milliy tashuvchilar uchun xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston 2025-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan Erondan yuk transporti uchun kirish va tranzit to‘lovini nolga tenglashtirdi. Tegishli ilova matnida qayd etilishicha, nol darajali stavka paritet asosida belgilangan.
Shu bilan birga, hukumat turkman tashuvchilari uchun to‘lovni oshirdi. Og‘irligi 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari uchun o‘sish $80ni, 20 tonnadan ortiq — $100ni tashkil etdi. Uchinchi mamlakatlardan olib kirilgan yuklar uchun qo‘shimcha yig‘im ikki baravardan ko‘proqqa oshib, $375ga yetdi.
Shuningdek, Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan avtotransport uchun yig‘im stavkalari O‘zbekistonda bo‘lish vaqtiga qarab farqlanadi: 14 kun va undan kam muddatga kirishda $80, ushbu muddatdan ortiq bo‘lganda $280.
Avvalroq “Spot” biznes yuk avtomobillari uchun og‘irlik va gabarit nazorati shoxobchalarini tashkil etishi haqida yozgandi.
Tadbirkorlar dastlabki ikki yilda shoxobchalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalarning 40%i, keyinchalik 30%i miqdorida mablag‘ oladilar.