7-yanvardan boshlab keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari Los-Anjelesning qirg‘oq bo‘yidagi hududlarini, jumladan ko‘plab mashhurlar istiqomat qiladigan hashamatli mavzelar va shaharlarni o‘z ichiga oldi. Voqea joyidan jonli yangilanishlarni “BBC”, “NBC”, “CNN” va boshqa nashrlar yoritmoqda.

Noqulay ob-havo sharoitlari — quruq bo‘ronsimon shamol va uzoq muddat yog‘ingarchilik bo‘lmaganligi sababli — olov tez sur’atda tarqalmoqda. Okrug ma’muriyatining ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inlar oqibatida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 10 kishi halok bo‘lgan. Biroq, Los-Anjeles sherifi Robert Lunaning aytishicha, qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

“Bu hududlarga atom bombasi tashlangandek ko‘rinadi. Men yaxshi xabar kutmayapman va biz umidvor raqamlarga ishonmaymiz”, — dedi Luna matbuot anjumanida.

“AccuWeather” kompaniyasi zarar va iqtisodiy yo‘qotishlarni $135−150 mlrdga baholab, bu uy-joy sug‘urtasi narxlarining sezilarli darajada oshishiga hamda zarar ko‘rgan hududlarning uzoq muddat tiklashiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Solishtirish uchun: 2023-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti $101,6 mlrdni tashkil etgandi.

Yong‘inlar 10 mingdan ortiq inshootni, jumladan turar-joy binolari, beshta cherkov, sinagoga, yettita maktab, ikkita kutubxona hamda ko‘plab do‘konlar, barlar va restoranlarni yo‘q qildi. Qariyb 180 ming kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Politsiya evakuatsiya qilingan hududlarda talon-taroj va o‘g‘irlik qilgani uchun allaqachon 20 kishini qo‘lga olgan.

Jabrlanganlar orasida shaharning taniqli aholisi, jumladan, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris, amaldagi prezidentning o‘g‘li Xanter Bayden, shuningdek, uylari butunlay yonib ketgan aktyorlar Entoni Xopkins, Mendi Mur va Peris Xilton bor edi.

Bayden katta tabiiy ofat holatini e’lon qilib, 180 kun ichida oqibatlarni bartaraf etish xarajatlarining 100%ini qoplashni va’da berdi. Bu xarajatlarga chiqindilarni tozalash, vaqtinchalik boshpanalar va qutqaruvchilar mehnatiga haq to‘lash kiradi. Los-Anjeles shahri meri Karen Bass tiklash ishlari boshlangani haqida xabar berdi.

AQSh va Kanadaning oltita shtatidan kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishda ishtirok etmoqda, ammo qutqaruv ishlari Santa-Anadagi kuchli shamol tufayli murakkablashmoqda. Kanada tomonidan taqdim etilgan eng yirik yong‘in o‘chirish samolyotlaridan biri dron bilan to‘qnashuvdan so‘ng shikastlangan.

Biroq o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish suv yetishmasligi tufayli qiyinlashmoqda. Ba’zi hududlarda gidrantlar qurib qolgan, shahar suv omborlari esa bunday katta ko‘lamdagi yong‘inlarga mo‘ljallanmagani haqida mutaxassislar xabar bermoqda.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni Los-Anjelesdagi yong‘inlarni o‘chirish uchun “suv yetishmasligi” sababli qattiq tanqid qildi.

Trampning aytishicha, Nyusom “suv ta’minotini tiklash to‘g‘risidagi deklaratsiya"ni imzolashdan bosh tortgan, bu esa go‘yo millionlab gallon suvni shimoliy hududlardan yong‘inlar avj olayotgan janubiy hududlarga yo‘naltirishga imkon berishi mumkin edi.

kaliforniya, los-anjeles, yong'in

Ammo gubernator vakillari bunday hujjat mavjud emasligini ta’kidlab, ushbu bayonotlarni rad etdilar. Mutaxassislarning aytishicha, Kaliforniyada yetarli suv zaxiralari bor, asosiy muammo esa yomg‘in tez tarqalishiga sabab bo‘ladigan Santa-Ana dovuli ekanligi qayd etildi.

Saylangan prezidentning o‘g‘li kichik Tramp 2022-yilda o‘z uskunalarining bir qismini Ukrainaga topshirgan o‘t o‘chiruvchilarni tanqid qildi. “Voy, albatta, Los-Anjeles yong‘in xizmati o‘zining ko‘plab zaxiralarini Ukrainaga berib yubordi-da”, — dedi u.

">[/twitter_post]

Milliarder Ilon Mask bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, “X” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga mazkur xabarni repost qildi.

Daniyaning “Saxo Bank” investitsiya banki o‘zining 2025-yilga mo‘ljallangan “shok prognozlar"ida AQShdagi vayronkor bo‘ron birinchi marta yirik sug‘urta kompaniyasining moliyaviy majburiyatlarini bajara olmasligi va bankrotlikka uchrashiga olib kelishi mumkinligini taxmin qilgan edi. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi tufayli tabiiy ofatlarning jadalligi yanada kuchayishi mumkin.