Malik Karimov marketing va reklama sohasida 18 yillik tajribaga ega bo‘lib, sakkiz yil davomida “Korzinka” supermarketlari tarmog‘ida, undan avval besh yil davomida “Nestle” kompaniyasining O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ofislarida “Nescafe” va “KitKat” brendlari menejeri sifatida ishlagan. “Tashkent Runners” yugurish hamjamiyati asoschilaridan biri hisoblanadi.

Karimovning kitoblarga bo‘lgan muhabbati 10 yoshligidanoq uyg‘ongan. O‘sha vaqtdan boshlab u badiiy kitob o‘qishga qiziqqan bo‘lib, hozirgi kunda biznes, iqtisodiyotga doir, shu bilan birga ilmiy, badiiy, biografik va psixologik kitoblarni ham mutolaa qiladi.

Mutaxassis asarlarni ko‘proq qog‘oz formatda o‘qishni yaxshi ko‘radi:

“Qog‘oz kitob o‘qiganga nima yetsin, lekin afsuski vaqtim chegaralanganligi uchun 70% kitoblarni audio formatda tinglayman. Elektron kitob esa deyarli o‘qimayman”, deydi u.


“Atrof to‘la ahmoqlar”, Tomas Erikson

Samarali muloqot uchun shaxsiyat turlarini tushunish bo‘yicha qo‘llanma.

Asar, avvalo, o‘zimizni va atrofimizdagi odamlarni yaxshiroq tushunish uchun yozilgan. Nafaqat hayotda, balki ish faoliyatida, oilaviy munosabatlarda va jamiyat bilan muloqotda qo‘l keladigan amaliy maslahatlar bilan boyitilgan.

Ushbu kitobni o‘qish orqali har bir odamning o‘ziga xosligi va uning qadriyatlarini anglash, ziddiyatlarni qanday yumshatish va samarali muloqotni qanday yo‘lga qo‘yish, o‘z kommunikatsion uslubini rivojlantirib, atrofdagilar bilan ishonchli aloqalar o‘rnatish mumkin.

Shu bilan birga, kitob tadbirkorlarni o‘z jamoasini yaxshiroq boshqarish, mijozlarga moslashish va murakkab vaziyatlarni imkoniyatga aylantirish yo‘lida ilhomlantiradi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov


“Hech qanday murosaga o‘rin yo‘q”, Kris Voss

“FBR"ning sobiq agentidan biznes va hayotda qo‘llaniladigan muzokara olib borish taktikalari.

Kitob oddiy biznes kelishuvlaridan tortib, shaxsiy hayotdagi nozik vaziyatlargacha bo‘lgan turli sohalarda ham foydali. Vossning asosiy yondashuvi — muzokaralarni o‘zaro foyda keltiruvchi yechimga aylantirish uchun odamlar psixologiyasini chuqur anglash va samarali muloqot uslublaridan foydalanishdir.

U o‘z tajribasi asosida ko‘plab real hayotiy misollarni keltiradi. Kitob nafaqat biznesmenlar va menejerlar uchun, balki har kuni turli muhokamalarda qatnashadigan har bir inson uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. U murakkab vaziyatlarda muzokaralarni muvaffaqiyatli olib borish uchun ajoyib qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov


“Yaxshidan buyukka”, Jim Kollinz

Oddiy kompaniyalarning qanday qilib ajoyib darajaga yetishi haqidagi amaliy tadqiqot. Asar har qanday sohada muvaffaqiyat qozonishni istagan insonlar va tashkilotlar uchun muhim qo‘llanma hisoblanadi.

Muallif o‘z tadqiqotlariga asoslanib, yaxshi natijalardan buyuk yutuqlarga erishish uchun qanday tamoyillarni qo‘llash kerakligini sodda va aniq tilda tushuntiradi. Nafaqat korporativ boshqaruvga oid bilimlarni oshiradi, balki insoniyatning intilishlari, mas’uliyat hissi va o‘zgarishlarga bo‘lgan yondashuvini ham kengaytiradi.

Kollinzning tadqiqoti 5 yillik chuqur tahlilga asoslangan bo‘lib, u muvaffaqiyatli kompaniyalar tarixini o‘rganadi va ulardan olingan saboqlarni taqdim etadi.

Kitob hayotdagi yaxshi odatlar va yondashuvlarni yuksak darajaga olib chiqish, muvaffaqiyatli jamoa yoki tashkilot yaratish uchun samarali tamoyillarni o‘rganish, strategik qarorlar qabul qilishda foydali bo‘ladigan real misollar va tajribalar bilan tanishish imkonini beradi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov


“Qat'iy boshqaruv: odamlarni natijaga ishlashga majbur qiling”, Den Kennedi

Natijalarga erishish uchun qattiqqo‘l boshqaruv yuritish bo‘yicha maslahatlar. Den Kennedining bu asari haqiqiy hayotda qo‘llash mumkin bo‘lgan, aniq va keskin yondashuvni taklif qiladi. Ushbu kitob rahbarlar, tadbirkorlar va boshqaruv jarayonida qat’iy qarorlar qabul qilishni istaganlar uchun mo‘ljallangan.

Kennedi odatiy boshqaruv uslublariga qarshi chiqib, natijalarga erishishda hissiyotlarni emas, balki maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni tanlashni targ‘ib qiladi. Kitobda xodimlarga motivatsiya berish, intizom o‘rnatish, samaradorlikni oshirish va resurslarni to‘g‘ri boshqarish uchun qat’iy tamoyillar ochib berilgan.

Bir tomondan, kitob boshqaruvga bevosita va amaliy yondashuvni taklif qiladi, bu o‘z jamoalarining samaradorligini oshirishni istagan rahbarlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Muallif intizom, javobgarlik va natijaning muhimligini aniq ko‘rsatib beradi, bu tavsiyalarni ayniqsa kuchli raqobat sharoitida dolzarb qiladi. Boshqa tomondan, insoniy omil va xodimlarning individual xususiyatlarini inobatga olmasdan haddan tashqari qat’iylikka yo‘naltirilish, jamoa motivatsiyasining pasayishi va unumdorlikning tushishiga olib kelishi mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, boshqaruv nafaqat talabchanlikdan, balki qo‘llab-quvvatlash va ilhomlantiruvchi muhitni yaratishdan ham iborat.

Kitobni o‘zingizning tashkilotingiz va korporativ madaniyatingiz xususiyatlariga moslashtirgan holda tanqidiy o‘qishni tavsiya qilaman. Haddan tashqari qat’iylik bilan xodimlarga bo‘lgan e’tibor o‘rtasida muvozanatni hisobga oling — faqat shunda barqaror muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Asarni kuchli jamoa qurishni, vaqtni samarali boshqarishni va biznesni yuqori darajaga olib chiqishni istaganlar o‘qishi kerak. Kitob biznesdagi haqiqiy yetakchilikni anglash va samarali boshqaruvning yangi darajasiga chiqish uchun ajoyib qo‘llanma, deb hisoblayman.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov


“Molxona”, Jorj Oruell

Hokimiyat, manipulyatsiya va boshqaruv haqidagi siyosiy allegoriya. Asarni o‘qish orqali hokimiyatning qanday ishlashi, uning jamiyatni qanday shakllantirishi va kuchning nazoratsiz qoldirilganda qanchalik xavfli bo‘lishini tushunish mumkin.

Oruell insoniyat tarixida ko‘p bora qayta-qayta sodir bo‘lgan korrupsiya, zulm va boshqaruvdagi adolatsizliklarni sodda va tushunarli shaklda ko‘rsatadi.

Kitob adolat, hokimiyat va ozodlik haqida chuqur o‘ylashga undaydi, siyosat, hokimiyat va inson tabiati haqida dunyoqarashni kengaytirish, tarixiy voqealar va hozirgi jamiyatdagi o‘xshashliklarni ko‘ra bilish uchun foydali, deb hisoblayman.

“Molxona”, shuningdek, hokimiyat va mas’uliyat haqida chuqur o‘ylantiradigan asar. Bu kitob biznesni boshqarishda qoidalar, qadriyatlar va ochiq muloqot qanchalik muhimligini eslatadi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov