Toshkent shahrining Mirobod tumani hokimiyatida uzluksiz rejimda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘chalarni rivojlantirish va biznes vakillari duch kelayotgan masalalar muhokama qilindi. Tadbirkorlar mutasaddilarga poytaxtda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masala va muammolarni bayon qilib, ularni hal etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Muammolar qatorida uzluksiz ishlovchi ko‘chalarda avtoturargohlarning yo‘qligi, chiqindi qutilarining yetishmasligi hamda elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar qayd etildi. Shu bilan birga, infratuzilmani rivojlantirish va xizmat ko‘rsatishda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurati ta’kidlandi.
Tadbirkorlar 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalar uzunligini kamida 800 metrgacha kengaytirish taklifini ilgari surdilar. Bu ko‘chalarda yangi xizmatlar turlarini oshirishga va ko‘proq mijozlarni jalb qilishi mumkin.
Bundan tashqari, kadrlar yetishmovchiligi, xodimlarning ish joyini tez-tez o‘zgartirishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Xorijiy fuqarolarni ishga olishdagi cheklovlarni bekor qilish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etildi. Bu ishchi kuchi yetishmovchiligini bartaraf etishga yordam berishi qayd etildi.
Uchrashuvda 24/7 tartibida ishlaydigan ko‘chalarda tez yordam punktlarini tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi. Bu favqulodda holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish va tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi, jumladan, ofitsiantlar va boshqa xodimlar uchun kasbiy o‘sish va motivatsiya tizimini yaratish zarurati muhokama qilindi. Tadbirkorlar bu kasblarning nufuzini oshirish va xizmat sifatini yaxshilash uchun amaliy choralar ko‘rish lozimligini ta’kidladilar. Ular bunday ko‘chalarni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.
Shuningdek, Strategik islohotlar agentligi takliflardan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi va normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlashda foydalanilishini bildirdi.
2024-yilning noyabrida agentlik tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun bir nechta takliflarni ilgari surgandi. Bular qatorida kelasi yilda mamlakatda ishchi guruh tashkil etish, dam olish maskanlarining ish vaqtiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash kabilar bor.
Savdo-sanoat palatasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi esa buning uchun maxsus hudud ajratishni taklif qildi. Bu xavfsizlik, xizmatlar uchun to‘lov va tashrif buyuruvchilar oqimini boshqarishda yangi texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.