Hukumatning 2024-yilning 27-dekabridagi tegishli qarori bilan ijtimoiy kartalar bepul beriladigan shaxslar toifasi belgilandi.
Hujjatda prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda BAAning “Oxinus Holding Limited” kompaniyasi o‘rtasida “Ijtimoiy karta” axborot tizimini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, sanoat ekspluatatsiyasiga tushirish bo‘yicha kelishuv imzolangani keltirilgan.
Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish moliyaviy agent — rezident banklar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda barcha fuqarolar uchun dastlab elektron karta chiqariladi. Jismoniy kartalar esa talab asosida beriladi.
Kartalarni olish uchun arizalar Yagona portal, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi, “Inson” markazlari (ayrim hollarda ijtimoiy xodimlar) hamda banklar orqali qabul qilinadi.
Quyidagi toifaga kiruvchi fuqarolarga kartalar bepul beriladi:
- Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar;
- yagona reyestr orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar;
- ko‘p bolali oilalarning a’zolari;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band bo‘lganlar;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- vasiylar (homiylar), tutingan ota-onalar;
- muomalaga layoqatsiz shaxslar;
- muomala layoqati cheklangan shaxslar;
- muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari;
- pensionerlar;
- budjetdan stipendiya to‘lanayotgan talabalar;
- budjetdan stipendiya to‘lanayotgan o‘quvchilar (tinglovchilar);
- shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lganlar.
Bunda kartalar uch ish kunida beriladi hamda uning amal qilish muddati tugamasidan oldin kartalar yaroqsiz holga kelsa yoki yo‘qotilsa, pulli asosda almashtirib beriladi. Virtual kartalar esa barcha fuqarolarga bepul taqdim etiladi. Ularni mobil ilova orqali real vaqt rejimida olish mumkin bo‘ladi.
Imtiyozga ega bo‘lmaganlardan ijtimoiy karta olishda bank xizmatlari uchun BHMning 10%i (37,5 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Yordamga muhtoj shaxslarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi kartalarni kamida 15 kun ichida bepul yetkazib beradi.
Hujjatda, shuningdek, 1-yanvardan boshlab “Ijtimoiy karta” axborot tizimi va mobil ilovasini texnik qo‘llab-quvvatlash tegishli to‘lov tashkilotining texnik xizmati tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Ijtimoiy karta bo‘yicha murojaatlar 1070 qisqa raqami orqali qabul qilinadi. Agentlikning mazkur “ishonch telefoni” faoliyati joriy yilning 1-fevralidan test rejimida yo‘lga qo‘yiladi. Ayrim fuqarolar murojaatlarni bepul jo‘natishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan oldin 1-iyuldan pasport va ID-karta kabi 17 turdagi hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi haqida xabar berilgandi. Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi.
Ijtimoiy kartalarning joriy etilishi
O‘zbekistonda “ijtimoiy karta"lar joriy etilishi haqida birinchi marta davlat rahbari 2024-yilning fevralida ma’lum qilgandi. O‘shanda tizimning birinchi bosqichi 1-oktabrdan ishga tushirilishi aytilgandi.
Iyul oyida bunday kartalar 2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi belgilandi. Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifani bildiradi. Ijtimoiy nafaqa va yordamlar karta orqali ko‘rsatiladi.
Xususan, 72 turdagi ijtimoiy xizmat, 76 turdagi yordam va 200ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga birlashtiriladi. Uning doirasida har bir oila ehtiyoji va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etilishi rejalashtirilgan.
Davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” orqali taqdim etilishi belgilangandi.
Shu bilan birga, bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash karta orqali amalga oshirilishi ko‘zlangandi.
Dekabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tizim 2025-yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Mamlakatning barcha hududlarida esa yil yakunigacha ishga tushiriladi.