“UzAuto Motors” kompaniyasiga vaqtincha bosh direktor vazifasini bajaruvchi tayinlandi. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchi saytida keltirilgan.
Kompaniyaga doimiy rahbar tayinlangunga qadar Odiljon Bastamkulovich Bastamkulov rahbarlik qiladi. U kompaniyaga ishga o‘tgunga qadar avtomobil oynalarini ishlab chiqaruvchi “Avtooyna"ni boshqargan.
“Autostrada.uz"ning yozishicha, Bastamkulov 2024-yilning bahorida “UzAuto Motors"ga kelgach, ketma-ket zavodning xaridlar bo‘yicha direktori va ijrochi direktori lavozimlarida ishlagan.
O‘tgan yil oxirida “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyasining avvalgi rahbari Bu Andersson 3 yildan ortiq faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etdi. Uning egallab turgan lavozimi “taraflarning kelishuviga asosan” bekor qilingan.
Andersson faoliyati davomida avtomobil ishlab chiqaruvchining daromadi deyarli 130%ga oshdi. Kompaniya ishlab chiqarish va sotish hajmini yiliga 400 ming donagacha oshirdi, “Tracker” va “Onix” modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, shuningdek, 4 mingta ish o‘rni yaratdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchining o‘rtacha sof foydasi so‘nggi uch yilda 6%dan oshdi. Bundan tashqari, 2022-yil oxiri — 2023-yil boshida “UzAuto Motors” kompaniyasining qariyb 57 mlrd so‘mlik aksiyalarining birlamchi taklifi (IPO) bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, shu yilning sentabr oyida Andersson aksiyadorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, ish haqining 5%i miqdorida jarimaga tortildi. Bunga sabab korxonaning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitorlik qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar o‘z vaqtida hal etilmagani bo‘ldi.
“UzAuto Motors Powertrain” boshqaruvchi direktori Saidazim Gulyamov kompaniya bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. U Andersson tayinlangunga qadar 2016-yildan beri dvigatel ishlab chiqarishni boshqargan.
Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” 50 ming dona Cobalt avtomobili uchun shartnoma imzolagani haqida yozgandi.