Buyuk Britaniyaning ikkita kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatning Pro-Force Limited" va “HOPS Labour Solutions Ltd” rekruting agentliklari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar yangi mavsumda Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarga o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini jalb qilishni muhokama qildi.
Natijada joriy yilning fevral oyida “Pro-Force Limited” agentligining Toshkentga tashrifini tashkil etishga kelishildi. Kompaniya orqali 3 mingga yaqin saralangan nomzodlar bosqichma-bosqich Buyuk Britaniyada ish bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, muzokaralarda “HOPS Labour Solutions"ning Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilayotgani qayd etildi.
Ro‘yxatdan o‘tish 10-yanvar kuni agentlikning xorijdaish.uz portali orqali amalga oshirilib, jarayon soat 15:00dan 19:00gacha davom etadi.
Buning uchun xorijga chiqish pasporti, faol elektron pochta (unda ism-familiya “zagran” pasport bilan bir xil bo‘lishi kerak), pasport o‘lchamidagi fotosurat kerak bo‘ladi. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tanlovning keyingi bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamaydi. Saralanganlar bilan onlayn suhbat 14−15 yanvar kunlari tashkil etiladi.
Test ma’lumotlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan va ish beruvchi tomonidan tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuboriladi. Tanlangan nomzodlar bilan oflayn suhbat o‘tkaziladi va qo‘shimcha ko‘rsatmalar beriladi.
Qabul qilinganlarga soatiga 11,44 yevro ($12) miqdorida ish haqi beriladi. Ish beruvchi haftasiga kamida 32 soat ishlashni kafolatlaydi. Viza (298 funt sterling — $373) va aviachipta xarajatlari nomzodlarning o‘zlari tomonidan qoplanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish linki 10-yanvar kuni agentlikning “Telegram"dagi kanaliga joylanadi. Migratsiya agentligi nomzodlarga bundan oldin nima qilish kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma berdi.