2024-yilda O‘zbekistonga elektromobillar va gibrid avtomobillar importi birinchi marta benzinli avtomobillardan oshib ketdi. Bu ma’lumot “Spot” o‘rgangan Bojxona qo‘mitasi statistikasidan ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida $1,27 mlrdlik 80 mingdan ortiq yengil avtomobillar import qilingan. 2023-yilga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 33,2%ga, soni bo‘yicha esa 7%ga kamaygan.

Jami 32,98 ming benzinli yengil avtomobil import qilindi, bu 36,3%ga pasayishni ko‘rsatdi. Pul ifodasida import hajmi $1,18 mlrddan $707,2 mlngacha (-40%) qisqardi. Xorijiy avtomobillarning o‘rtacha narxi 6%ga pasayib, $21,47 mingni (QQS va bojxona to‘lovlarisiz) tashkil etdi.

O‘z navbatida, “yashil” avtotransport vositalarining olib kirilishi sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, elektr dvigatelli yengil avtomobillar importi yarmiga — 16 mingdan 24 ming donagacha oshdi. Biroq pul hisobida bu ko‘rsatkich 48,2%ga — $224,8 mlngacha pasaydi, elektromobilning o‘rtacha narxi esa deyarli uch barobar — 9,33 ming dollargacha arzonlashdi.

Benzin va elektr yuritmali gibrid avtomobillarning yetkazib berilishi 17,48 ming donaga yetdi (42% o‘sish). Gibridlar importining umumiy qiymati $339,3 mlnga (+17%) teng bo‘ldi. Import qilingan avtomobilning o‘rtacha narxi 17,6%ga pasayib, 23,57 ming dollardan 19,41 ming dollargacha tushdi.

2024-yil yakuniga ko‘ra, ichki yonuv dvigatelli avtomobillarning importdagi ulushi 64,4%dan 44,2%gacha pasaydi. Shu bilan birga, elektromobillarning yetkazib berishdagi ulushi 20%dan 32,3%gacha, gibrid avtomobillarning ulushi esa 15,3%dan 23,4%gacha o‘sdi. Natijada, yangi energiya manbalari (NEV) avtomobillari birinchi marta benzinli mashinalardan o‘zib ketdi: mos ravishda 55,7% va 44,2%.

Bundan tashqari, 22ta dizel dvigatelli avtomobil import qilindi — bu dona hisobida deyarli yetti barobar kamayish demakdir. Biroq, ularning import qiymati 45,9%ga oshib, $5 mlndan yuqoriga chiqdi.

Xitoy O‘zbekistonga asosiy avtotransport yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida 55,7 ming dona Xitoy avtomobillari import qilingan, bu jami yetkazib berishning 81%ini tashkil etgan. Shuningdek, 22,1 mingta elektromobil — ularning deyarli barcha hajmi kiradi.

O‘zbekiston bozoriga avtomobillar importi bo‘yicha Janubiy Koreya 11,2 ming dona avtomobil bilan ikkinchi o‘rinni egallaydi. AQSh 633ta mashina bilan uchlikni yakunlaydi. Yana 577ta avtomobil Hindistondan, 152tasi Yaponiyadan olib kelingan.


Avvalroq “Spot"Odiljon Bastamkulov “UzAuto Motors” bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida yozgandi.

U kompaniyaga kelgunga qadar avtomobil oynalarini ishlab chiqaruvchi “Avtooyna” kompaniyasini boshqargan.