Markaziy bank 2024-yilning dekabr oyida 3ta moliya tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarda 37ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shundan 7tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yana 7tasi ular ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish borasida bo‘lgan.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10ta masala — belgilangan talablarning bajarilishi hamda o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari muhokama qilindi. Banklar, mikromoliya tashkilotlari va to‘lov tashkilotlarida kamchiliklar kuzatilgan.
O‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1ta bank, 1ta lombard va 1ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shuningdek, 9ta bank, 2ta lombard va 1ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi. Ular Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlariga, valyuta va tashqi savdo operatsiyalarida qonunchilikka amal qilmagan.
Bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan “Nur Lombard” ta’sischisi tomonidan lombard faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi sabab reyestrdan chiqarildi.
Avvalroq “Oson” to‘lov tizimi ustav fondini 25 mlrd so‘mga oshirgani haqida xabar berilgandi.