Xitoy kompaniyasi “Yangi Namangan” shaharchasida umumiy qiymati 750 million dollarlik turar-joy, tijorat va ijtimoiy majmualar qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Xitoyning Szyansu provinsiyasi Maslahat kengashi a’zosi, “Jiangsu Tonke Real Estate Co.”, Ltd. kompaniyasi prezidenti Yan Bo boshchiligidagi delegatsiya “Yangi Namangan” shaharchasiga amaliy tashrif buyurib, qurilish uchun uchastkalar tanladi.
9-yanvar kuni “TK China town Namangan” xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning ustav fondi 500 mln so‘m bo‘lgan kompaniyanisi faoliyat turi sifatida turar-joy binolari qurilishi ko‘rsatilgan. Firmaning yagona ta’sischisi va direktori Yan Bo hisoblanadi.
66 gektar maydonida turar joy majmualari, idora, savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi, bolalar bog‘chasi, maktab hamda masjid quriladi.
Bundan tashqari, xitoylik investorlar “Namanganmash” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, Uchqo‘rg‘ondagi DB Group baliqchilik klasteri va Chortoqdagi “O‘rikzor” kichik sanoat zonasida bo‘ldi.
“Yangi Namangan” loyihasining birinchi bosqichi doirasida 330 gektar maydonda 8,5 ming xonadonga mo‘ljallangan 184 ta uy qurildi. Bundan tashqari, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Prezident 2022 yil mart oyida “Yangi Namangan” shaharchasi qurilishining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishgan edi. Xususan, 272 gektar maydonda 20 ming xonadondan iborat 171 ta uy qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyalari Nurafshonda $106 mlnlik loyihalarni amalga oshirishi haqida yozgandi.
Shuningdek, Angrenda avtomobil ehtiyot qismlari, mebel va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.