Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yetti yilda yuk avtomobillari soni 7 barobar oshib, 26 mingga yetdi. Ularning xalqaro tashishdagi ulushi 35%dan 60%ga oshgan. G‘arb yo‘nalishida tashish muddati 2 karra, xarajati esa 1,5 barobargacha oshdi. Bu ayrim Yevropa mamlakatlari chegaralaridagi o‘tkazish punktlari yopilgani hamda uzoq navbatlar bilan bog‘liq.

Shu bois transport-logistika tizimini rivojlantirish va tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun xalqaro va mintaqaviy bozorlarga olib chiqadigan muqobil yo‘nalishlar bo‘ylab joylashgan mamlakatlar bilan tranzit yuk tashuvlarni soddalashtirish va erkinlashtirish, chegaralarda undiriladigan yig‘imlarni o‘zaro tenglik asosida kamaytirish yoki bekor qilish choralarini ko‘rish kerakligi ta’kidlandi.

Mamlakatda yuk jo‘natuvchi va tashuvchini o‘zaro bog‘laydigan ekspeditorlik xizmatlarining asosiy qismi xorijiy kompaniyalarga to‘g‘ri keladi. Endi sohada mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularning xalqaro yuk tashishdagi xizmatlariga QQS olinmaydi. Bu mahalliy korxonalar ulushini 45−50%ga oshiradi.

Shu kabi choralar orqali xalqaro yuk tashish hajmini 2 karra oshirish, transport xizmatlari eksportini kamida $3 mlrdga yetkazish vazifasi belgilandi.

O‘zbekiston hududi orqali tranzit tashuvlar hajmini ko‘paytirish borasidagi qulayliklar mamlakatni Jahon bankining logistika bo‘yicha indeksida reytingini ko‘tarayotgani qayd etildi.

logistika, prezident, shavkat mirziyoyev, taksi xizmati, yuk tashuvlari

Mutasaddilarga elektron navbat tizimini keng joriy etib, chegaradan o‘tish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, taqdimotda mamlakatdagi yo‘nalishsiz taksi xizmatlari faoliyati ham ko‘rib chiqildi. 2022-yilda jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga vaqtinchalik ruxsat berilgandi.

Natijada bu taksichilar sonini 6 barobar oshirib, 457 mingga yetkazdi. Shu bois endi bu tartib doimiy bo‘lishi aytildi.

Yengil avtomobillarda yo‘lovchi tashish xizmati litsenziya asosida amalga oshiriladi. Mazkur tartib dastlab 2024-yil oxirigacha amal qilishi belgilangandi.

Biroq, hukumatning 26-dekabrdagi qarori bilan Transport vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bu muddatni uzaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Yangi tartib qabul qilingungacha esa eski tartibning amal qilishi istisno tarzida uzaytirilgan.

Taksilarga mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda 151ta agregator kompaniyalar ish yurityapti. Agregatorlar faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq “Yandex Go” ilovaga foydalanuvchilar uchun narxlar tafsilotlarini qo‘shishi haqida xabar berilgandi.