11-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarga “UzAuto Motors” tomonidan ishlab chiqarilgan “Malibu”, “Tracker”, “Onix”, “Equinox”, “Captiva” kabi avtomobillar bo‘lib to‘lashga berilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Oradan ko‘p o‘tmay esa, “UzAuto Motors” kompaniyasi hukumat topshirig‘ini rad etgani haqida xabarlar chiqdi. Bu xabarlarda o‘qituvchilarga avtomobillar banklar orqali 60 oyga va 30% dastlabki to‘lov bilan imtiyozli shartlar asosida berilishi aytilgan.
Shu mazmundagi xabarlar yuzasidan “O‘zavtosanoat” kompaniyasi raddiya bildirib, Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i rad etilgani haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini hamda feyk xabar ekanligini ma’lum qildi.
“„O‘zavtosanoat“ banklar tomonidan Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i ijrosi doirasida beriladigan imtiyozli avtokreditlar orqali avtomobillarni sotishga tayyor. Banklarda jismoniy shaxslarning xaridlarini moliyalashtirish uchun kreditdan boshqa mexanizm mavjud emas”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, kompaniya xatning asl nusxasida avtomobil xarid qilish uchun “Asakabank”, “Aloqa Bank”, “Ipak Yo‘li Banki”, “Infinbank”, “Biznesni Rivojlantirish Banki”, “Asia Allince Bank” va “Tenge Bank” orqali turli mexanizmlar, jumladan, imtiyozli shartlarda joriy etilganligini bildirdi.
“O‘zavtosanoat” ijtimoiy tarmoqdagi guruh adminstratorlaridan tekshirilmagan va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Avvalroq 2024-yilda elektr va gibrid avtomobillar importi birinchi marta benzinli avtomobillardan oshib ketgani haqida xabar berilgandi. Yengil avtomobillarning umumiy importi pul qiymatida uchdan bir qismga kamayib, $1,27 mlrdga tushdi.