Turkiya kompaniyasi Toshkent shahrida joylashgan “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Chilonzor tumani matbuot xizmati xabar berdi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Abduhamid Abduqodirov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’sullari bilan Turkiyaning “Albil Merkez Hizmetler ve Ticaret Anonim Sirketi” — “Albayrak Holding” kompaniyasi vakillari o‘rtasida muzokoralar olib borildi.
Unda Turkiya tomoni “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida qurilishi belgilanayotgan “Skyvision” kompleksi loyihasini taqdim etdi.
Loyiha taqdimotidan e’lon qilingan slaydga ko‘ra, majmuaga 4 ta ko‘p qavatli bino kiradi: ikkita turar joy binosi (“Crown Residence”), bitta tijorat osmono‘par binosi (“Skyscraper”) va aralash bino (“Wave Residence & Office”).
Hokimlik “Albayrak Holding” kompaniyasi vakillari bilan muzokoralar davom etishini bildirgan.
2024-yil boshida prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.
Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yildi. Natijada Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi boshlang‘ich narxdan 5% yuqori — 225,59 mlrd so‘m taklif qild i.
Bundan tashqari, dekabr oyida davlat rahbariga Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejalalari taqdim etildi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.
Avvalroq Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurishda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.