10-yanvar kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 568ta avtoraqam sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 96%i yoki 547tasi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelib, qolgan 21 donasi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan.
Savdo maydonchasi bir kunda sotilgan avtoraqamlarning umumiy qiymatini ochiqlamagan. Eng arzon avtoraqam 1,9 mln so‘mga sotildi.
Shu kuni birja savdolari orqali xarid qilingan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 509,6 mln so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.
2024-yilning 9 oyi yakunida birja savdolarida 152 mingdan ortiq avtomobil raqamlari sotilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 620 mlrd so‘mni tashkil etadi. Avtoraqamlarning 97%i jismoniy, qolgan 3%i esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng qimmat sotilgan “chiroyli” avtoraqam qiymati 517,1 mln so‘mni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda 10-iyul kuni 508 mln so‘mga sotilgan avtomobil raqami turibdi.