Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va keyingi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu sohaning sanoatdagi ulushi 3,5%, tovarlar eksportida 10%ni tashkil etadi. O‘tgan yili 31 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, $1,3 mlrd eksport qilingan. Shuningdek, $516 mln investitsiya o‘zlashtirilib, 85ta yangi korxona ishga tushgan. Sohada 27 mingdan ziyod fuqarolar ishlamoqda.

Taqdimotda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov prezidentga joriy yilgi rejalarni ma’lum qildi. Bu yil hududlarda $4 mlrdlik 290ta yangi loyihani boshlab, $600 mln investitsiya o‘zlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75%ga yetkazish rejalashtirilgan.

2025-yilda mamlakatda $75 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuning $28 mlrdni mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplash mumkin. Elektrotexnika klasterini kengaytirish uchun Ohangaronda qo‘shimcha 200 gektar, Farg‘onada 10 gektar, Urganchda 4 gektar yer ajratildi. 181 mlrd so‘m evaziga infratuzilma qurildi.

Tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni 3 yilga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.

Bu Ohangaron mis klasterida $68 mlnlik, Qashqadaryo, Farg‘ona va Urganchda $30 mlnlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.

Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trln so‘mlik kafolatli bozor tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.

elektrotexnika, o‘zeltexsanoat, prezident, shavkat mirziyoyev, soliqlar, imtiyozlar

“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Mirziyod Yunusov “tanqidiy” kechgan taqdimotda prezident elektrotexnika sohasida JST talablari asosida yangi bozor va imkoniyatlaridan foydalanib, mahsulotlar ishlab chiqarish topshirig‘ini berganini qayd etdi.

“Elektrotexnika sohasida yangi yo‘nalishlar, ya’ni uskunasozlik yoki tibbiyot uskunalari kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni [o‘zlashtirish imkoniyati] bor. To‘g‘risini aytsak, hali bu yo‘nalishlarga kirib bormaganmiz. Energetika sohasida import mahsulotlarini mahalliylashtirish va ularni kooperatsiya asosida ishlab chiqarish evaziga bu topshiriqlarni bajarish imkoniyati juda keng. Qo‘shimcha investitsiya loyihalarini shakllantirib, import tahlili asosida ko‘rsatkichlarga chiqish yuzasidan tegishli dasturlarimizni qabul qilamiz”, — dedi u.

Davlat rahbari bu soha “yashil” iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilar eksportni yiliga $3 mlrdga, ishlab chiqarish hajmini 50 trln so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi. Shuningdek, taqdimotda innovatsiyalarni o‘rganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.

2024-yilning sentabrida prezident “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini qayta tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma bergandi.