“Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi xususiylashtirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilning sentabrida savdo jarayonida qiziqish bildirgan 8 nafar investordan 6 nafari keyingi bosqichda ishtirok etish uchun taklif qilingandi. Ulardan 3 nafari majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni bildirgan.
Natijada, “Paynet” $65 mln miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilib, savdo g‘olibi deb topildi.
Mazkur taklif “Deloitte” tomonidan hisoblangan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda “KPMG” baholagan qiymatdan yuqoridir.
Talabgor kelgusida to‘lov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni hamda tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.
Xususiylashtirish natijalari davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.
“Humo” tarixi
“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.
2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.
Joriy yilning may oyida MBPM prezidentning tegishli farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalarni chiqarildi va ular Davaktiv agentligida joylashtirildi.
Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirdi. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Hindistonning “UPI” to‘lov tizimi “Humo” va “Uzcard” bilan integratsiya qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.