Markaziy bank tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari dekabr oyida tezlashgan sur’atda o‘sishni davom ettirdi.
Kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishining o‘rtacha prognozi 14,4% (+0,7%) ni tashkil etdi — bunday ko‘rsatkich 2023-yil fevraldan beri ilk bor kuzatildi. Mediana ko‘rsatkichi esa 11,6% (+0,5%) ga yetdi.
Toshkentda yana kutilayotgan inflyatsiyaning eng yuqori ko‘rsatkichlari kuzatildi — 19%dan ortiq, shuningdek, yetakchilar qatoriga Farg‘ona (16,7%) va Qashqadaryo viloyatlari (16%) ham kirdi. Boshqa hududlarga nisbatan Andijon viloyati (12,4%), Xorazm (12,7%) va Qoraqalpog‘istonda (12,9%) prognozlar pastroq bo‘ldi.
Sohalar bo‘yicha eng yuqori baholashni sanoat xodimlari (16%), davlat xizmatchilari (15,8%), o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar (15,2%) berdi. Nisbatan optimistik kayfiyat maishiy xizmat ko‘rsatish (12,2%), turizm (12,3%) va qishloq xo‘jaligi (12,5%) sohalarida kuzatildi.
Yuqori daromadli shaxslar narxlarning yanada kuchliroq o‘sishini kutmoqda. Oylik daromadi 15 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan guruhda prognoz 18,6%ni, 10−15 mln so‘mlik guruhda esa 15,7%ni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkichlar 4−5 mln so‘m (12,9%) va 2−3 mln so‘m (13,9%) daromadga ega fuqarolarda kuzatildi.
Prognozlarga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar orasida yoqilg‘i narxlarining oshishi (57%) birinchi o‘ringa chiqdi, undan biroz orqada uy-joy kommunal xizmatlar tariflarining o‘sishi (56%) va valyuta kursining tebranishi (55%) turadi. Bundan tashqari, 35% respondentlar transport xarajatlarining o‘sishini va 33% esa monopol harakatlarni qayd etishdi.
Biznesda narxlarning kutilayotgan o‘sishi bir oy ichida bir foizdan ko‘proqqa oshib, 13,9%ga yetdi. Mediana prognoz 11,4%ni (+0,7%) tashkil etdi.
Boshqa hududlarga nisbatan Toshkent shahri (16,9%), Samarqand (15,2%) va Farg‘ona (15%) viloyatlarida yuqoriroq baholanish kuzatildi. Qoraqalpog‘iston (11,5%), Xorazm (12,4%) va Surxondaryo (12,8%) viloyatlarida nisbatan past prognozlar qayd etildi.
Qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tadbirkorlar eng yuqori o‘rtacha baholarni — 14,5%ni ko‘rsatishdi, ulardan keyin umumiy ovqatlanish sohasi 14,2% bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Eng past baholar transport (11,8%), madaniyat (11,9%) va turizm (12,5%) sohalariga berildi.
Valyuta kursi o‘zgarishi va kommunal xarajatlarning ko‘payishi narxlar o‘sishi prognozlarida asosiy omil bo‘lib qolmoqda (52%), undan keyin yoqilg‘i narxining oshishi (49%) turadi. Bundan tashqari, 34% ishtirokchilar transport xarajatlarining, 27% esa soliq yukining oshishini ta’kidlashdi.
Avvalroq “Spot” 2024-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 9,8%ni tashkil qilgani haqida yozgandi.
Dekabr oyida oziq-ovqat narxlarining o‘sishi sezilarli darajada tezlashgan bo‘lsa, sanoat tovarlarining o‘sishi sekinlashdi.