O‘zbekiston va Qozog‘iston Ostonadan Samarqandga yo‘lovchi poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Ostona shahrida “Yo‘lovchi tashish” (“Qozog‘iston temir yo‘li"ning shuba korxonasi) va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” rahbariyatining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘lovchi tashishni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida turistik poyezdlarning harakatlanishi bo‘yicha kelishuv imzolanib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. “Jibek joli” sayyohlik poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi birinchi qadamlardan biri bo‘ldi.
Tomonlar, shuningdek, yangi xalqaro yo‘nalishlar, jumladan, Ostona-Samarqand yo‘nalishlarini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Bu ikki mamlakatning sayyohlik salohiyatini rivojlantirishda “muhim qadam” bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston taklifi bilan Olmaota-Toshkent yo‘nalishidagi ½-sonli poyezdning harakatlanish jadvali qayta ko‘rib chiqilib, yo‘lovchilar uchun jo‘nab ketish va kelish vaqtlari qulaylashtirildi.
Mazkur harakat o‘tgan yili 72 mingdan ortiq yo‘lovchini tashigani Olmaota-Toshkent yo‘nalishiga talabning yuqori ekanligini ko‘rsatgani ta’kidlandi. Mamlakatlar o‘rtasidagi yo‘nalish uzunligi 988 kmni tashkil etadi.
“Jibek joli” temir yo‘l safari “Yo‘lovchilar tashish” kompaniyasi tomonidan “Kazakh Tourism” bilan hamkorlikda tashkil etildi. Birinchi tarkib noyabr oyida Olmaotadan Toshkentga 4 kunlik safarini amalga oshirdi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston “Jibek joli” sayyohlik poyezdi yo‘nalishini Samarqandgacha uzaytirishga kelishib oldi. Poyezd 3-yanvar kuni Olmaotadan ikkinchi reysiga jo‘nab ketdi. 100 dan ortiq sayyoh Turkiston, Toshkent, Samarqandga, ortga qaytishda esa Chimkentga tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi temir yo‘lni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.