Joriy yilning 11-yanvar kuni Toshkent metropoliteniga yangi to‘rt vagonli 3ta metro poyezdlari olib kelindi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur poyezdlar belgilangan yo‘riqnomaga asosida 9−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, undan keyin yo‘lovchilarga xizmat qilishi uchun yo‘nalishlarga chiqariladi.
Toshkent metropoliteni yil boshida 9ta yangi tarkibni qabul qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Yanvar-fevral oylarida yana 6ta metro poyezdi olib kelinadi. Natijada, metro vagon parklarini yangilanib, belgilangan vaqt intervallari qisqartiriladi.
2024-yilda metropoliten vagon parki 17ta harakat tarkibi bilan to‘ldirildi, ulardan 3tasi dekabr oyi oxirida yetib keldi.
Sentabr oyida Toshkent metropoliteniga o‘tgan yil yakunidan 48ta yangi vagon yetkazib berilishi ma’lum bo‘ldi. 2025-yilda vagon parkini yana 56ta vagon bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.
Natijada Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida vagonlar soni ortishi hisobiga oraliq interval hozirgi 9, 4 daqiqadan 2−3 daqiqagacha kamaytiriladi.
Avvalroq “Spot” Toshkent metrosining 12ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.