13-yanvar kuni AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari sababli jahon neft narxlari 2%dan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda “Bloomber” nashri xabar berdi.
Narxlar 10-yanvarda e’lon qilinganidan buyon “Brent” neftining narxi deyarli 4%ga o‘sib, to‘rt oydan beri birinchi marta bir barrel uchun $81dan yuqoriga ko‘tarildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sanksiyalar natijasida Rossiyaning “yashirin tanker floti” deb nomlanuvchi kemalarning 30%igacha zarar ko‘rishi mumkin. Shu bilan birga, ular Rossiya nefti “sanksiyalarga qaramay, jahon ta’minotiga kirib kelishi mumkinligini” ham qayd etishdi.
Ta’minotdagi uzilishlar va talabning oshishi bilan bog‘liq xavotirlar kuchayishi fonida neft narxi uch oylik yuqori nuqtaga ko‘tarildi. Biroq texnik tahlilchilar neft bozorlarida ortiqcha ta’minot yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda
“Qora oltin” narxlari dekabr oyi boshida deyarli uch yillik eng past darajaga tushganidan so‘ng ketma-ket uchinchi haftalik o‘sishni namoyish etmoqda.
So‘nggi paytlarda xom neft fyucherslarining narxi oshishiga Eron va Rossiyadan yetkazib berilishining cheklanishi haqidagi xavotirlarning kuchayishi sabab bo‘lmoqda.
Bayden ma’muriyati 20-yanvar kuni Donald Trampning qasamyod marosimi arafasida Rossiya eksportiga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritishni rejalashtirmoqda.
Ketayotgan Amerika ma’muriyati AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari belgilagan bir barrel uchun $60dan yuqori narxda Rossiya neft mahsulotlarini tashiyotgan tankerlarga zarba berishni mo‘ljallamoqda.
Tramp esa lavozimga kirishganidan so‘ng, Eron neftini eksport qilishga doir cheklovlarni kuchaytirishi mumkin. Bu esa yetkazib berishning kuniga 1 mln barrelga qisqarishiga olib kelishi mumkin — bu jahon taklifining taxminan 1%ini tashkil etadi.
Avvalroq “Spot” OPEK+ davlatlari neft qazib olishni qisqartirishni dekabr oxirigacha uzaytirgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, tashkilotga a’zo mamlakatlar neft qazib olish hajmini sutkasiga 2,2 mln barrelgacha cheklashni davom ettirishga kelishib oldilar.