O‘zbekistonning O‘mon sultonligidagi elchixonasida “Areej Vegetable Oil & Derivatives SAOC” kompaniyasi ning ijrochi direktori Salem Naser Al-Bartmani bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “EastFruit”.
Mazkur kompaniya O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etishga qiziqish bildirdi.
Kompaniya investitsiyalarini jalb qilgan holda Samarqand viloyatida ketchup ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish va tomat pastasi yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘monlik hamkor bilan yaqin kunlarda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish va keyinchalik O‘zbekistonga tashrif buyurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur kompaniya o‘simlik yog‘lari va ularning hosilalari, margarin, yog‘lar, sariyog‘, shuningdek, ketchup va mayonez ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Avvalroq “Spot” O‘mon sultonligining “Sohar International” banki O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Bank vakillari strategik qarashlarini taqdim etib, O‘zbekiston bank tizimining investitsion salohiyatini yuqori baholashdi.