Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Zaytun turizm” moliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tekshiruv ishlari davomida Namangan shahrida joylashgan mazkur turfirma lisenziyasiz ravishda “Umra” tadbirini tashkil etgani aniqlandi.
Natijada huquqbuzarlik uchun “Zaytun turizm"ga nisbatan BHMning 200 baravari — 75 mln so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Yil boshida qo‘mita tomonidan Marg‘ilondagi “Xurmo Travel Umra” (Saxiy travel) tomonidan fuqarolarga litsenziyasiz “Umra” tadbirini tashkil etgani uchun yuqoridagi miqdorda jarima qo‘llanilgandi.
Shuningdek, Denov shahrida “Anor tour”, Chilonzor tumanida “Sokin travel” nomi ostida jismoniy shaxslar ro‘yxatdan o‘tmasdan ziyorat tadbirini tashkil etgan. Ularning xatti-harakatlari bo‘yicha to‘plangan materiallar tegishli chora ko‘rish uchun huquq tartibot organlariga yuborildi.
Avvalroq huquq-tartibot idoralari tomonidan Namangan, Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilib, bu kabi qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yilgandi.
Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.