Avvalroq prezident transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zini o‘zi band qilganlarga doimiy ravishda taksida ishlashga ruxsat beriladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta yangi avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi.

Bundan tashqari, vazir bekatlarda QR-kodli bir martalik chiptalarni sotib olish uchun 675 ta infokiosk o‘rnatish belgilanganini ma’lum qildi. Avtobuslarda yo‘l haqini transport (ATTO) va bank kartalari, shuningdek, banklar yoki to‘lov xizmatlarining mobil ilovalari orqali to‘lash mumkinligini eslatib o‘tdi Mahkamov.

“1-fevralgacha Toshkent shahrida jamoat transportini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqilib, yangi dastur qabul qilinishi rejalashtirilgan”, — dedi u.

Transport vazirligi tomonidan tayyorlangan taqdimotga ko‘ra, infokiosklarning umumiy soni 5100 tani tashkil etib, atigi 769 ta avtobus bekatiga bunday shoxobchalar o‘rnatilgan.

Shuningdek, 1-yanvardan 10-yanvargacha bo‘lgan davrda avtobuslarda kunlik yo‘lovchilar oqimi 43,5%ga — 871 mingdan 1,19 mln nafarga, daromadlar esa 36%ga — 8,5 mlrd so‘mdan 11,5 mlrd so‘mgacha oshdi.

2024-yil yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida avtobuslar soni 1900 donadan oshdi — bu 2022-yilga nisbatan 28%ga ko‘pdir. Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil ichida bekatlarda kutish vaqti ikki baravarga — 22 daqiqadan 10−12 daqiqagacha qisqardi.

Joriy yilning 1-yanvaridan Toshkentdagi avtobuslarda naqd pullarni qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi, to‘lovlar naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi. Bir martalik sayohat 3000 so‘mga tushadi, agar elektron to‘lovda qilinsa, bu 1700 so‘m bo‘ladi.

Yangi tartib joriy etilgach, ijtimoiy tarmoqlarda QR-chipta olishda xatoliklar kuzatilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Transport boshqarmasi esa bunday holatda nima qilish mumkinligini tushuntirdi.

Avvalroq “Spot” avtobus uchun bir martalik chipta qanday olinishi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.