Mahmudxo‘ja Mirzayev 2001-yil 23-dekabrda Surxondaryoda tug‘ilgan. U o‘rta ta’limni mazkur viloyatda, o‘rta maxsus ta’limni esa 2018−2020-yillarda Toshkentdagi Sa’di Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyida olgan.

2020-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilingan. Mahmudxo‘ja bakalavr darajasini muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng magistraturani Germaniyada davom ettirishni tanlab, 2024-yil DAAD grantini qo‘lga kiritadi. Hozirda Germaniyaning Regensburg universitetida Germaniya korporativ va tijorat huquqi yo‘nalishida tahsil olmoqda.

“Spot” Mahmudxo‘ja Mirzayev bilan Germaniyadagi hayot, ta’lim jarayoni va DAAD granti — uning imkoniyatlari hamda nomzodlardan talab etiladigan hujjatlar haqida suhbatlashdi.


Nega Germaniya?

Germaniyaga hujjat topshirishim va magistratura ta’limini Germaniyada davom ettirishimga bir qancha muhim sabablar ta’sir ko‘rsatgan. Ulardan eng birinchisi shundaki, men 4-kursda o‘qib yurgan vaqtimda bir necha davlatlarga bir vaqtning o‘zida hujjat topshirganman.

Jumladan, AQShning Pensilvaniya davlat universiteti, Arizona va Kaliforniya (San Diego) universitetlariga bir vaqtda hujjat topshirib, barchasidan 70−80% grant yutganman. Bunga parallel ravishda Germaniya universitetlariga ham hujjat topshirganman.

Germaniyani tanlashimning asosiy sabablaridan, birinchi navbatda, ta’lim sifatining yuqoriligini keltirishim mumkin. Mamlakat rivojlangan boshqa davlatlar ta’lim tizimlari bilan bemalol raqobatlashadi. Shuningdek, bu yerning iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik darajasi yuqori bo‘lib, xalqaro kompaniyalarda ishlash va tajriba to‘plash imkoniyatlari keng hisoblanadi.

Nemis tilini bilishim va qiziqishim ham turtki bo‘lgan, desam ham bo‘ladi. Ingliz tili bugungi kunda ommaviylashib bo‘lgan va rivojlangan davlatlarda o‘zini boshqalardan ajratib turadigan qobiliyat sifatida ahamiyatini yo‘qotgan. Shu sababli nemis tilini o‘rganishga qaror qilganman.

Universitetga hujjat topshirish jarayonlari

Magistratura bosqichida o‘qishni rejalashtirganimda, universitet tanlash va hujjat topshirish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirildi. Birinchi navbatda, men internet resurslari, Germaniyada ta’lim olayotgan tanishlarim va turli ta’limga oid tadbirlardan foydalangan holda universitetlarning umumiy ro‘yxatini shakllantirdim. Shundan so‘ng, huquqshunoslik bo‘yicha o‘zim o‘qimoqchi bo‘lgan sohalarni chuqurroq o‘rgatadigan universitetlarning alohida ro‘yxatini tuzdim.

Bu jarayon oddiy emas edi. Masalan, Excel-faylida QS va THE reytinglaridagi 500−700 talik ro‘yxatlarga kirgan 8−10 universitetning qabul talablari, hujjat topshirish jarayonlari; universitetning joylashuvi, tabiati, yirik shaharlarga yaqinligi, talabalar uchun qulayligi, o‘qish to‘lovlari va boshqa xarajatlar haqidagi ma’lumotlarini batafsil kiritdim.

Ushbu oliygohlarda huquqshunoslik bo‘yicha magistratura tamomlagan talabalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali topdim va ular bilan aloqaga chiqdim. Ularning tajribalari va maslahatlarini oldim. Natijada, har bir universitetga ballik tizim asosida baho berdim va eng yuqori ball to‘plaganarini ajratdim.

Germaniyadagi universitetlar ro‘yxatini shakllantirishda DAAD (Germaniya akademik almashinuv xizmati) veb-sayti menga juda katta yordam berdi. Hujjat topshirish muddatlaridan xabardor bo‘lish uchun har bir universitetni alohida kuzatdim va kerakli hujjatlarni tayyorlab topshirdim. Ushbu jarayon natijasida 6 ta universitetdan qabul xati oldim.

germaniya, grant, ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: Mahmudxo‘ja Mirzayevning shaxsiy arxividan

Universitetga topshirilgan hujjatlar ro‘yxati:

  • til sertifikati (kamida IELTS 6.5 yoki nemis tilidan C1 daraja);
  • pasport nusxalari;
  • motivatsion xat;
  • tavsiyanomalar (odatda 2ta, ammo ba’zi universitetlarga 1ta yetarli bo‘lishi mumkin);
  • universitet diplomi va ilovasi (hali bitirmaganlardan faqat transkripti);
  • bakalavrda o‘tilgan barcha fanlarning modullar tavsifi (description);
  • rezyume.

Universitet tanlashda boshqalarga faqat QS yoki THE reytingidagi o‘ringa asoslanmaslikni tavsiya qilaman. Bundan ko‘ra, universitetning sizning yo‘nalishingizda ilmiy va amaliy jihatdan kuchliligi, shuningdek, geografik joylashuvi, yashash narxlari va shaharning talabalarga qulayligi kabi omillarni hisobga olish muhim. Universitetda ta’lim olish nafaqat bilim olish, balki madaniyatlarni o‘rganish va yangi muhitga moslashishni ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli, ushbu omillarni ham inobatga olish lozim.

DAAD granti, hujjat topshirish jarayonlari va imkoniyatlari

DAAD 1925-yilda tashkil etilgan va 2025-yilda 100 yilligini nishonlaydi. Bu tashkilot dunyoning 100dan ortiq mamlakati talabalari uchun Germaniyada o‘qish imkoniyatlarini taqdim etadi. Shuningdek, Germaniya fuqarolarining chet elda o‘qishini ham moliyalashtiradi. DAAD grantlari bakalavr, magistratura, PhD dasturlari, ilmiy tadqiqotlar, startaplar, nemis tili kurslari va ta’limga oid boshqa sohalarni qamrab oladi.

DAAD grantining davomiyligi odatda 10 oydan 24 oygacha bo‘ladi va quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  1. Transport xarajatlari. Har akademik yilda bir marta 1275 yevro.
  2. O‘qish bilan bog‘liq xarajatlar. Bir martalik 460 yevro akademik to‘lov (kitob va semestr to‘lovlari uchun).
  3. Stipendiya. Har oy 992 yevro.
  4. Ijara xarajatlari. Agar ijara xarajatlari stipendiyaning 30%idan oshsa, qo‘shimcha har oy 350 yevrogacha qoplanadi. Germaniyaga dastlabki kelgan paytda ijaraga uy yoki yotoqxona topish biroz muammo bo‘ladi. Shu sabab agar siz boshida ikki oy davomida mehmonxonada yashasangiz, ushbu xarajatlarining 85−90%i qoplanadi.
  5. Til kurslari. Grant yutganlar o‘qish boshlanishidan oldin, odatda 2 oy davomida (avgust va sentabr) 3000−3500 yevro qiymatidagi nemis tili kurslarida bepul o‘qiydi. Shuningdek, bu davrda qo‘shimcha har oy 450 yevro stipendiya ham ajratiladi.
  6. Sug‘urta. DAAD sog‘liq, shaxsiy javobgarlik va favqulodda holatlar sug‘urtalarini taqdim etadi va holatiga qarab 60 ming yevrogacha qoplaydi.
  7. Viza xarajatlari. DAAD grantiga ega bo‘lgan talabalar elchixonaga viza to‘lovlarini amalga oshirishdan ozod etiladi.
  8. Nemis tilidan xalqaro til sertifikatlariga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab beriladi.
  9. Boshqa kichik miqdorda juda kop imtiyozlar mavjud.

Grant oilali talabalar uchun ham imkoniyatlar yaratadi. Oila a’zolari bilan Germaniyaga kelganlar uchun ijara to‘lovlarining 40%i qoplanib, bolalari uchun qo‘shimcha 255, turmush o‘rtog‘i uchun 280 yevrogacha mablag‘ ajratiladi.

germaniya, grant, ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Bundan tashqari, agar ikki yillik magistraturada bir yilini tugatib, vataningizga qaytmoqchi bo‘lsangiz bu jarayon uchun ham transport xarajatlarini ma’lum bir miqdorgacha subsidiya qilib olish mumkin. Germaniyada yashash uchun (residence permit) 100 yevrodan 150 yevrogacha davlat tomonidan olinadigan to‘lov bor, agar siz DAAD-granti g‘olibi bo‘lsangiz bu to‘lovdan ozod qilinasiz.

Grant yutgan talabalar yiliga kamida ikki marta xalqaro netvorking tadbirlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, o‘qishni tamomlagan talabalarga 18 oygacha Germaniyada qolish va ish faoliyatini davom ettirish imkoniyati mavjud. Grantining yana bir muhim afzalligi — o‘qish tugagach, o‘z mamlakatingizga qaytish majburiyati yo‘qligi.

DAAD-granti uchun hujjatlar ro‘yxati:

  1. DAAD portali orqali ariza formasi.
  2. Til sertifikati (IELTS yoki nemis tilidan C1).
  3. Maktab shahodatnomasi yoki litsey/kollej diplomi.
  4. Universitet diplomi va uning ilovasi (agar bitirmagan bo‘lsangiz, faqat transkript).
  5. Tavsiyanoma (DAAD formatida, professor yoki o‘qituvchi tomonidan to‘ldiriladi).
  6. Motivatsion xat (maksimal 3 bet).
  7. Volontyorlik va boshqa faoliyatlar haqidagi sertifikatlar (ingliz yoki nemis tilida tarjimasi bilan).
  8. Rezyume (CV).
  9. Tanlagan universitetlaringiz haqidagi ma’lumotlar (portal orqali to‘ldiriladi).

Grantga topshirish bosqichlari:

  1. Hujjatlarni DAAD portaliga yuklash (dedlayn — 31-oktabr).
  2. Yanvar-mart oylarida intervyu bosqichi. Natijalar aprel oyida e’lon qilinadi.
  3. Germaniya universitetlariga hujjat topshirish va qabul xati olish.

Germaniyada davlat universitetlarining 85−90%i ta’lim olishda kontrakt to‘lovlarini joriy qilmagan, ya’ni “tuition-free”. Bu bakalavr, magistratura kabi barcha darajalar uchun amal qiladi, ammo xususiy universitetlar bundan mustasno.

To‘liq grant yutish uchun quyidagi omillarga alohida e’tibor qaratiladi:

  • akademik natijalar. Maktab, litsey yoki universitetdagi baholar o‘rtachadan yuqori bo‘lishi muhim.
  • hujjatlarning to‘g‘ri va talabga muvofiq tayyorlanganligi, xalqaro tan olingan sertifikatlarning mavjudligi katta ahamiyatga ega.
  • Germaniyada ta’lim olishga oid aniq reja va maqsadlar belgilangan bo‘lishi kerak. Bu jihatlar motivatsion xatda aniq va ishonarli tarzda aks ettirilishi zarur.
  • universitetga qabul hujjatlaridan tashqari grant uchun ham alohida hujjatlar talab qilinadi.

Foto: shaxsiy arxiv

Ta’lim tizimi

Germaniyada ta’lim tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, deb ayta olaman. Talabalar uchun tizim juda moslashuvchan bo‘lib, o‘quvchilar fanlarni bemalol tanlash imkoniyatiga ega. Akademik jihatdan erkinlik berilishi menga eng yoqqan jihatlardan biridir.

Yuridik ta’limga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda faqat bakalavr darajasini olish kifoya emas; ushbu bosqichni tugatgandan so‘ng advokat bo‘lish uchun ikkita davlat imtihonidan o‘tish talab qilinadi. Ushbu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tish Germaniyada advokat yoki boshqa yuridik sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatini beradi.

Germaniyada akademik manbalar va kutubxonalar juda boy va keng qamrovli. Talabalar uchun qimmat va ommabop kitoblarning elektron nusxasi universitet tomonidan bepul taqdim etiladi. Bu, albatta, ta’lim tizimining o‘ziga xos va jozibador jihati.

O‘qishdan tashqari ishlash. Germaniyada xalqaro talabalarning o‘qishdan tashqari ishlashi qonunchilikka muvofiq tartibga solingan. Talabalar bir yil davomida to‘liq stavkada 280 kun yoki yarim stavkada 140 kun ishlash huquqiga ega. Ishlash imkoniyatlari talabalar til bilish darajasi va malakasiga bog‘liq.

Germaniyada ish topish nisbatan oson, ayniqsa yirik shaharlarda. Ish haqi qonunchilik bo‘yicha soatiga kamida 12 yevroni tashkil etadi. Til bilish darajasiga va ish turiga qarab, statistikaga ko‘ra, talabalar soatiga o‘rtacha 13 yevrodan 20 yevrogacha daromad topadi.

Foto: shaxsiy arxiv

Viza olish jarayoni

Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, DAAD-grantini yutganim sababli viza olish jarayoni soddalashtirilgan tartibda o‘tdi. Germaniyaga yo‘l olayotgan talabalar odatda Visametric tashkilotidan viza uchun uchrashuv (appointment) olish va navbat kutish talab qilinadi.

Men hujjatlarimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniya elchixonasiga topshirganman. DAAD-grantiga ega bo‘lganlar uchun viza tayyorlash jarayoni tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Shuning uchun ushbu jarayonda hech qanday qiyinchilikka duch kelmadim.

Umumiy tartibda esa, Germaniya vizasini olish uchun universitetdan qabul xati va Germaniya bankida bir yil davomida hisob raqam (blokshot) ochish talab etiladi. Ushbu hisobga hozirda 11,9 ming yevro mablag‘ kiritilishi kerak. Har oy ushbu mablag‘dan talabaga ma’lum miqdorda pul ajratiladi. Bankdagi hisob raqamni Germaniyada doimiy yashayotgan shaxsning moliyaviy kafolati orqali ham qilish imkoniyati mavjud, bu esa maxsus tartibga ko‘ra amalga oshiriladi.

Viza olish jarayoni odatda ikki haftadan to‘rt haftagacha davom etadi. Muhimi, hujjatlarni to‘liq va to‘g‘ri tayyorlashdir. Bunda kerak bo‘ladigan hujjatlar:

  • xorijga chiqish pasporti;
  • rezyume (CV);
  • motivatsion xat;
  • DAAD-grantini yutganlik to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • sug‘urta polisi;
  • til sertifikati (ingliz yoki nemis tilidan);
  • 3x4 formatdagi ikkita rasm;
  • universitetga qabul qilinganlik xati;
  • diplom va uning ilovasi;
  • maktab shahodatnomasi yoki litsey/kollej diplomi.

Foto: shaxsiy arxiv

O‘rtacha oylik xarajatlar

Germaniyada o‘rtacha oylik xarajatlar har bir talabaning shaxsiy ehtiyojlari va sarflash odatlariga bog‘liq ravishda farq qiladi. Ijara xarajatlari yashash joyiga qarab o‘zgaradi. Berlin, Gamburg va Frankfurt kabi shaharlarda ijara narxlari qimmatroq.

Men ijara xarajatlarim uchun o‘rtacha 500 yevro, oziq-ovqatga 250 yevro, transportga 30−50 yevro, hamda kiyim-kechak va madaniy hordiqqa o‘rtacha 200−250 yevro sarflayman. Umuman olganda, oylik xarajatlarim 1000−1100 yevro atrofida.

Shaharga moslashishdagi qiyinchiliklar. Germaniyaga birinchi marta kelganimda, meni hayron qoldirgan jihat — yakshanba kunlari butun mamlakat bo‘ylab oziq-ovqat supermarketlarining yopiq bo‘lishi edi. Kelishim shanba kuni kechqurunga to‘g‘ri kelgan va kerakli mahsulotlarni yakshanba kuni xarid qilaman, deb o‘ylagan edim. Biroq yakshanba kuni do‘konlarning hech biri ishlamasligini bilib, kerakli narsalarni topolmay qiyinchilikka duch keldim.

Ikkinchisi, nemislar bilan do‘stlashishning murakkabligi. Ular bilan tezda kirishib ketish qiyin, bu esa yangi muhitga moslashishni sekinlashtiradi. Uchinchisi, Germaniyadagi byurokratiya darajasi juda yuqori ekanligi. Har bir rasmiy jarayon uchun pochta orqali (elektron emas, balki qog‘oz shaklda) alohida xabar keladi. O‘zbekiston bilan solishtirganda bu juda qiziq va boshqacha tajriba bo‘ldi, chunki odatda bizda bunday amaliyot kuzatilmaydi.

Shuningdek, ayrim jarayonlarning uzoq davom etishi biroz noqulaylik tug‘dirgan edi. Bu jarayonlarda sabr va to‘g‘ri rejalashtirish katta ahamiyatga ega ekanligini tushundim.

germaniya, grant, ta'lim, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Kelajakdagi rejalar

Ayni paytda German Arbitration Institute (DIS) tashkilotining a’zosiman. Ushbu a’zolik orqali tijorat va investitsiya nizolarini xalqaro darajada muqobil usulda hal qilish jarayonlariga qiziqish bilan yondashmoqdaman. DIS a’zoligi menga arbitrlar, advokatlar, huqushunoslar va xalqaro ekspertlar bilan fikr almashish imkonini beradi. Bu jarayonda tijorat arbitraji sohasidagi yangi tendensiyalar va o‘zgarishlarni o‘rganib, amaliy tajribaga ega bo‘lishga intilyapman. Shuningdek, ushbu mavzularda muloqot va muhokamalar olib boryapman.

Qisqa muddatli rejalarimdan biri — o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlashdir. Keyinchalik Germaniyada qolib, bu yerda o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarimni amaliyotga tatbiq etmoqchiman. Xalqaro tashkilotlar va advokatlik firmalarida amaliyot o‘tash orqali mamlakat huquqini chuqurroq o‘rganib, ish faoliyatimni rivojlantirishni rejalashtirganman.

Shu bilan birga, Germaniyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari sonining oshib borayotganini inobatga olib, mehnat huquqi va boshqa huquqiy masalalar bo‘yicha migrantlar uchun ma’lumotlarni sodda va tushunarli tarzda yoritadigan loyihalarni boshlash niyatim bor.

Uzoq muddatli rejalarimdan esa Germaniyada PhD darajasini qo‘lga kiritish va O‘zbekistonga qaytib, huquqshunoslik sohasida, xususan, sud-huquq tizimini rivojlantirish yoki takomillashtirishga hissa qo‘shish. Yana Xalqaro kompaniyalarga advokatura sohasida xizmat ko‘rsatish orqali O‘zbekistonning huquqiy tizimini xalqaro darajadagi standartlarga javob beradigan qilib rivojlantirish niyatidaman.