Hukumatning 30-dekabrdagi qarori bilan turistik klasterlarni tashkil etish va ularga bunday maqomni berish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Turlarni tashkil etish, joylashtirish, transport xizmati, ekskursiyalarni o‘tkazish va boshqa xizmatlarni birgalikda ko‘rsatuvchi kompaniyalar majmui turistik klaster hisoblanadi. Klasterlar reyestri Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.
Turistik klaster maqomini olish uchun majmuada kamida 40 kishiga mo‘ljallangan joylashtirish vositalari (mehmonxona va boshqalar) bo‘lishi kerak. Hunarmandchilik buyumlari va suvenirlarni sotish uchun kamida bitta savdo nuqtasi bo‘lishi shart.
Shuningdek, klaster ko‘ngilochar xizmatlar, ot, tuya, transport, velosiped, qayiq, katamaranlar ijarasi va boshqalarni ijaraga berishi kerak. Klasterlar quyidagi yo‘nalishlardan birida turlarni o‘tkazishga ixtisoslashishi mumkin:
- ekoturizm (geoturizm);
- agroturizm (qishloq turizmi);
- etnografik turizm;
- madaniy va tarixiy turizm;
- rekreatsion turizm;
- tibbiy (sog‘lomlashtirish) turizmi.
Klaster hududi va turistik xizmatlarni ko‘rsatishda turistlar (ekskursantlar) xavfsizligini ta’minlash kerak. Joylashtirish vositalarida joylarni oldindan band qilish va turistik xizmatlarni oldindan buyurtma qilish imkoniyati yaratilishi zarur.
Shuningdek, klaster maqomini olish uchun arizalar Turizm qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan qog‘oz yoki elektron shaklda qabul qilinadi. Ularga majmua hududida ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Turizm qo‘mitasi xodimlari tomonidan 7 ish kuni davomida obyekt joyida o‘rganiladi. Shundan so‘ng 3 ish kunidan kechiktirmasdan obyektning talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa tayyorlash va uni komissiyaga taqdim etish talab etiladi.
Komissiya tarkibiga Turizm qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari, shuningdek, turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiradi. U 5 ish kuni ichida obyektga klaster maqomini berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.
Arizalar rad etilgan taqdirda komissiya ariza beruvchiga aniqlangan kamchiliklar ro‘yxatini va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi. Agar qaror ijobiy bo‘lsa, Turizm qo‘mitasi 3 ish kuni ichida klaster hujjatini rasmiylashtiradi.
2024-yilning avgust oyida navoiyda birinchi safari turizm klasteri tashkil etilgandi. Cho‘l hududidagi 2 gektar maydonda ochilgan oromgoh bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsata oladi.