Avvalroq prezident transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
2030-yilgacha bo‘lgan O‘zbekistonning transport-logistika va yuk tranziti konsepsiyasi tasdiqlanmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
“Qaror loyihasi bilan beshta yo‘nalish: tashuv tannarxini qisqartirish, xalqaro koridorlarni diversifikatsiya qilish, yangi yo‘nalishlardagi koridorlarni yangi mamlakatlar orqali tashuvlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish, xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha yagona dastur ishlab chiqildi”, — dedi vazir.
Transport vazirligi tashishda muammoli mamlakatlardan o‘tish uchun muqobil yo‘nalishlarni ishlab chiqishi kerak. Yana bir vazifa — 2030-yilga borib O‘zbekistonning Logistika samaradorligi indeksidagi (LPI) o‘rnini 88 o‘rindan kamida 55 o‘ringa olib chiqish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, xalqaro yo‘llar bo‘ylab logistika markazlari, kempinglar, TIR-parklar va boshqa sharoitlarni yaratish bo‘yicha manzilli ro‘yxat ishlab chiqilmoqda. Davlat rahbari tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun muqobil yo‘nalishlarni aniqlash, shuningdek, mahalliy yuk tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Prezident qarori bilan 2025-yildan boshlab taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ishlashga ruxsat berildi, shuningdek, ularga litsenziya varaqalarini olish va o‘z faoliyatini amalga oshirish shartlari belgilanadi”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Transport vaziri taqdimotiga ko‘ra, muqobil transport koridori sifatida Turkmaniston-Eron-Turkiya-Yevropa Ittifoqi, Turkmaniston-Ozarbayjon-Gruziya-Yevropa, Andijon-O‘sh-Irkeshtom-Qoshg‘ar, shuningdek, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston belgilangan.
Transport vazirligi Belgiya, Armaniston, Serbiya, Norvegiya, Xorvatiya, Albaniya bilan xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha yangi bitimlar tuzishni, shuningdek, Xitoy, Eron, Belarus, Ukraina, Moldova va Ruminiya bilan bitimlarni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
2025-yilda tranzit yuk tashish hajmini 13,7%ga oshirib, 14,6 mln tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xususan, bunga Belarus-Pokiston (+200 ming tonna), Xitoy-Yevropa (+50 ming tonna) hamda Xitoy-Afg‘oniston (+80 ming tonna) yo‘nalishlari hisobidan erishiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda “yashil koridorlar” tizimini joriy etish va yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish rejalashtirilgan. “Dovut ota,” “G‘ishtko‘prik” va “Navoiy” nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytiriladi, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etiladi.
Avvalroq “O‘zavtosanoat” o‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit asosida avtomobil sotishdan bosh tortgani haqidagi xabarlarga raddiya bergandi.