Turkiya hukumatining “Turkiye Burslari” grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda butun dunyodan nomzodlar bakalavr, magistratura, doktorantura va ilmiy tadqiqot darajalari uchun hujjat topshirishlari mumkin.

Bunda bakalavriatura darajasi uchun nomzodlar 21 yoshgacha, magistratura — 30, PhD — 35 hamda tadqiqot dasturlari uchun 50 yoshgacha bo‘lishi kerak.

Bakalavr uchun o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 70%, magistratura uchun esa 75%dan past bo‘lmasligi zarur. Bundan tashqari, agar har ikkita daraja uchun hujjat topshirishni istagan nomzod sog‘liqni saqlash yo‘nalishini tanlasa, u holda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% bo‘lishi shart.

Hujjatlar turkiyeburslari.gov.tr platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. Bunda nomzodlar grant uchun alohida Turkiyadagi oliygoh uchun alohida ariza jo‘natishi shart emas.

Arizachilardan tanlagan darajasidan kelib chiqib, quyidagicha hujjatlar talab qilinadi:

  • maktab shahodatnomasi, akademik litsey yoki kollej hamda oliy ta’lim diplomi;
  • niyat maktubi;
  • baholar transkripti;
  • til sertifikati (agar mavjud bo‘lsa);
  • yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • magistr va PhD uchun ilmiy ish bayoni;
  • 2ta tavsiyanoma va boshqalar.

Arizalarni hamda motivatsion xatni nomzodlar (PhDdan tashqari) o‘zi uchun qulay bo‘lgan tilida (o‘zbek tilida ham) to‘ldirishi va yozishi mumkin.

Magistratura va PhD uchun hujjat topshirishda niyat xati bilan birga o‘qish davomida tadqiq qilmoqchi bo‘layotgan ilmiy mavzu haqida ham so‘raladi: tanlagan mavzusi, nima uchun ahamiyatli ekanligi, kerakli adabiyotlar va boshqalar.

Shuningdek, platforma orqali 12tagacha bo‘lgan universitet va yo‘nalishlarni tanlash mumkin. Bunda tanlagan yo‘nalishi oldingi tahsil olgan mutaxassisligi bilan to‘g‘ri kelishi zarur. Nomzodlar ulardan biriga qabul qilish uchun tanlanishi mumkin.

Dastur doirasida qabul qilinganlarga turar joy, oziq-ovqat, tibbiy sug‘urta va aviachipta xarajatlari qoplab beriladi. Shu bilan birga, barcha talabalarga quyidagicha oylik stipendiya beriladi:

  • Bakalavriat darajasi uchun — 4 500 lira ($127);
  • Magistratura — 6 500 lira ($183);
  • PhD — 9 ming lira ($254).

Arizalarni joriy yilning 20-fevraligacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Bunda ariza jo‘natish uchun nomzod tizimda ro‘yxatdan o‘tib, barcha bo‘limlarda so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirishi va hujjatlarni kiritishi kerak.

Hujjatlarni platformaga kiritish dasturning birinchi bosqichi bo‘lib, undan keyin saralangan nomzodlar suhbatga chaqiriladi. Saytda suhbatdan o‘tish joyini ham tanlash mumkin. O‘zbekistonliklar uchun suhbat Toshkentda o‘tkaziladi.

Foydali havolalar:


Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun “Turkiye burslari” dasturiga kvotalar soni oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.