Avvalroq “Autodeklarant” kanali Piskent avtopoligonida avtomobillarning muvofiqligini baholashga onlayn navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqida xabar bergandi.
Undan keyin “O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shu kabi mazmundagi xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Mamlakatga import qilinayotgan M1 toifadagi avtotransport vositalarining poligonda sinovini tartib bilan o‘tkazish uchun Yagona portal (my.gov.uz) da elektron navbat tizimi joriy etiligan. Bunda tizimda avtotransport vositasi egasi o‘zining JShShIRi orqali navbat olishi mumkin.
Har bir avtotransport vositasining sinoviga 20 daqiqa vaqt ajratilgan bo‘lib, sinov laboratoriyasi kuniga 24 soat davomida jami 72ta avtomobilni sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanligi ta’kidlandi.
“UzTest"da elektron navbat tizimida bitta fuqaroga JShShIR bilan faqat bitta navbat berilishi belgilanganligi qayd etildi. Avtomobil egalari esa elektron navbatni boshqa vaqt va kunlarga ham olish funksiyalaridan foydalanishni boshlagan.
Masalan, bir xil JShShIR bo‘yicha ikkita sanaga bir xil avtotransport vositasi uchun navbat olingan. Bunday holda onlayn navbat olish tizimida ro‘yxat belgilangan hajmdan oshib ketib, olib borilayotgan elektron navbat ketma-ketligi buziladi.
Kelib chiqqan vaziyatni to‘g‘rilash maqsadida navbat olish tizimi qayta ko‘rib chiqilib, unga o‘zgarishlar kiritildi.
Bunda bitta JShShIRga tizimda faqat bitta navbat beriladi, ya’ni endi undan foydalanilgunga qadar keyingi elektron navbatni olish mumkin emas. Foydalanilmagan navbat esa tizimdan avtomatik ravishda o‘chiriladi. Undan keyin qayta navbat olish mumkin.
Shuningdek, sinov laboratoriya xodimlarining sonini ko‘paytirgan holda sinov vaqtini 15 daqiqa qilib belgilash ko‘zda tutilgan. Bu bir kunda sinovdan o‘tkaziladigan avtomobillar sonini 96 taga yetkazish imkonini beradi.
Avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi
1-noyabrdan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Endi ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “UzTest” navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.
Shu bilan birga, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshib ketdi. Nazorati markazi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.
Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmatga havola bu yerda.
Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.
Avvalroq “O‘zavtosanoat” o‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit asosida avtomobil sotishdan bosh tortgani haqidagi xabarlarni rad etgani ma’lum qilingandi.