14-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida avtobus yo‘lagida harakatlanish qoidalarini buzganlarni jazoga tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga transport vositalari haydovchilarining yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan harakatlanganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, kodeks yangi 128 prim 7-moddasi bilan to‘ldirilib, 128-moddada keltirilgan istisno hollarga tegishli qo‘shimchalar kiritiladi.
Bunda tasmali yo‘ldan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi. Yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Ulug‘bek Qobulov prezident Administratsiyasining 2024-yilning sentabr oyidagi topshirig‘i asosida IIV tomonidan ishlab chiqilganini qayd etdi.
U, shuningdek, ma’muriy jarima miqdorini belgilashda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganini bildirdi. Masalan, AQShning Nyu York shtatida bunday huquqbuzarlik uchun $50-$250, Fransiya — 35−135 yevro, Germaniya — 135 yevro, Belarus — $12 (takror sodir etilganda — $25) hamda Qozog‘istonda $7 ($70) miqdorida jarima undiriladi.
“Shularni hisobga olgan holda mas’ul xodimlar bilan taklif etilgan moddaning sanksiyasi miqdorini tushirishga qaror qildik”, — dedi u. Biroq, deputat uning miqdorlariga aniqlik kiritgani yo‘q.
Bundan tashqari, yengil avtomobillarga avtobuslarga xalaqit bermagan holda yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirishga ruxsat etiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
2024-yilning noyabr oyida quyi palata mazkur jarima joriy etilishi haqida ma’lum qilgandi. Dastlab qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etganlik uchun BHMning 3 baravari (1,12 mln so‘m), takror sodir etganlik uchun BHMning 5 baravari (1,87 mln so‘m) miqdorida jarima belgilash taklif etilgandi.
“A” tasmali yo‘l
2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.
Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Avvalroq 2025-yildan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘m etib belgilanadi. Agar to‘lov onlayn amalga oshirilsa, bu 1 700 so‘mni tashkil etadi.