Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasida bilan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qilish belgilanmoqda.
Mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat berish, pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalarni garov reyestrida ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, loyihada tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi faktoring tashkilotlarini tashkil etish, ular faoliyatini nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrga kiritish va Markaziy bank tomonidan tartibga solish ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, majlisda fuqarolarning o‘zlariga kredit rasmiylashtirilishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda dekabr oyida qabul qilingandi.
Unda “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga jismoniy shaxslarning kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlash, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari, kredit axborotidan foydalanuvchilarni taqiqni buzganligi uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda kredit byurolariga nisbatan Markaziy bank tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar hamda regulyatorning kredit byurolari faoliyatini tartibga solishga doir huquqiy normalariga tahririy va aniqlashtiruvchi tuzitishlar kiritilgani qayd etildi.
Xalq vakillarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar nomiga ularning xabarisiz kreditlarni rasmiylashtirish va taqdim etilgan pul mablag‘larini o‘zlashtirish hollarining oldini olish hamda kredit byurolari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Loyiha deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
2024-yilning avgust oyida prezident faktoring xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzolagandi. Unda 2025-yildan refaktoringga hamda norezidentlar uchun xorijiy valyutadagi operatsiyalarga ruxsat berilishi belgilangan.