Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Bo‘stonliq va Zangiota tumani bo‘limlari tomonidan tergovga tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Ushbu tumanlarda yashovchi fuqarolar A.B. va A.A. “Baliqchilik” xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonida hamda yashash xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga yashirin ravishda ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida jami 270,8 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, fuqaro L.X. o‘ziga tegishli noturar joy binosida elektron gaz hisoblagichdan tashqari gaz quvuriga yashirincha ulanib olgan.
Buning natijasida esa jami 116,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda fuqaro M.A. “Buyuk turon” MFY hududida joylashagan muzlatkich xonasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida esa jami 107,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Namangan va Andijonda qariyb 3 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqarolar tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.