Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonuniylashtirish bilan bog‘liq qonun hujjatlariga o‘zgartirishlarni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan onlayn kazinolar, bukmekerlik va lotereyalar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan me’yorlarni mustahkamlash rejalashtirilgan.

Xususan, bu o‘yinlarda ishtirok etishi taqiqlangan fuqarolar toifalarini belgilash hamda o‘yinlarga qaram bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini yuritish nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish choralari amalga oshirilayotganiga qaramay, aholi o‘rtasida bunday o‘yinlar keng tarqalayotgani ta’kidlandi.

Loyihada tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, haddan tashqari o‘yinlarga qaram bo‘lgan fuqarolarning ishtirokini cheklash mexanizmlarini joriy etish hamda xorijiy va noqonuniy servislardan foydalanishni cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilanmoqda.

“Milliy tiklanish” raisi Alisher Qodirov qonunga ota-onalarga bolalar uchun o‘yinlarda qatnashishni taqiqlash imkonini beruvchi normani kiritishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bu “butun oilalar vayron bo‘lishining” oldini oladi.

“Biz („Milliy tiklanish“ partiyasi — „Spot“ izohi) boshida bu qonunga qarshi edik. Qimorbozlik xalqimizni xursand qiladigan masala emas. Uni taqiq bilan hal qilib bo‘lmagani uchun nazoratni kuchaytirish orqali tartibga olish konsepsiyasini qo‘llab-quvvatladik”, — dedi Qodirov.

2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.

ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming baravari miqdorida bo‘lishi kerak.