BAA kompaniyasi O‘zbekistonda havo taksi xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning Amirliklarga rasmiy tashrifi doirasida vazir Ilhom Mahkamov va BAAning “Jetex” kompaniyasi ta’sischisi Adel Mardini o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida “yangi istiqbolli loyihalar"ni amalga oshirishni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladilar.

Kelishuvga ko‘ra, “Jetex” “Toshkent-Sharqiy” aeroportida FBO (“Fixed Base Operator”) shaklida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi. Bu investitsion loyiha davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshiriladi.

Xususan, loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida ta’mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etiladi.

Shuningdek, biznes aviatsiyasi sohasida 200 dan ortiq yuqori malakali ish o‘rinlari yaratiladi. Kompaniya tajribasi asosida sohaning barqaror rivojlanishi ta’minlanadi.

aeroport, aerotaksi, aviatsiya, baa, jetex, transport vazirligi

Bu mamlakatda turizmning rivojlanishiga hissa qo‘shishi hamda VIP mijozlar uchun qulaylik yaratishi qayd etildi. “Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi poytaxtimiz nufuzi va jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish istagi 2020-yilda ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya o‘z mablag‘lari hisobidan Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish uchun yo‘lovchilar va biznes aviatsiyaga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus terminal va angar qurishni rejalashtirgandi.

Jetex” kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 5 qit’ada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq nuqtalarda, jumladan Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va Amerikada mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq O‘zbekiston va BAA o‘rtasida 15 ta investitsion kelishuv imzolangani haqida xabar berilgandi.