O‘zbekistonda “yashil” energiya salohiyati 610 GVtni tashkil etadi. Bu haqda “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqida Shavkat Mirziyoyev qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mamlakatda kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilganini qayd etdi. Investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50%gacha ko‘paytiriladi. Bu vaqtda zararli chiqindilarni 35%ga qisqartirish va bu majburiyatni doimiy oshirib borish reja qilingan.
O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb $20 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 GVt energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 GVtli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 mVt MVtli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi.
Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati $26 mlrddan ziyod va umumiy quvvati 24 GVt bo‘lgan 50 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54%ga yetkaziladi.
“Yashil” taraqqiyot yo‘nalishida mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish ko‘zlangan. Qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlar bilan Yevropaga “yashil” energiya eksport qilish belgilangan.
Prezident “yashil” energiya sohasida BAA bilan strategik hamkorlikni qayd etdi. Xususan, “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 GVt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyekti ishga tushirildi. Yana 1,6 GVtga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 MVt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 500 GVt quyosh, 100 GVt shamol va 10 GVt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud. Mintaqaning ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boyligi qayd etildi. “Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.
Prezident anjuman ishtirokchilari, jumladan, ilmiy markaz, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda hamkorlikka chaqirdi. Universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratish taklif etildi.
Shuningdek, umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishi ma’lum qilindi. Davlat rahbari Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillarni taklif qildi.