14-yanvar kuni “Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi xususiylashtirilgani ma’lum qilingandi.
Uchta nomzoddan eng yuqori — $65 mln narx taklifi bilan “Paynet” g‘olib bo‘ldi. Bu “KPMG” tomonidan baholangan qiymatdan yuqoridir. Kompaniya “Humo” to‘lov tizimining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, tizim foydalanuvchilari ma’lumotlarini himoya qilish chora-tadbirlarni ko‘rish majburiyatini oladi.
“Paynet” mamlakatda raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikni rag‘batlantirish uchun to‘lovlarning yangi shakl va usullarini joriy etishda halol raqobatga, milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish, ilg‘or moliyaviy va raqamli texnologiyalarni joriy etish sa’y-harakatlarini birlashtirishga sodiqligini bildirdi.
““Humo"ning to‘lov bozorining boshqa ishtirokchilari bilan sinergiyasi nafaqat o‘z yutuqlarini saqlashga, balki bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash va uzoq muddatli maqsadlarini samarali amalga oshirish imkonini berishiga ishonamiz” — dedi “Paynet” bosh direktori Anvar Isamuhamedov.
Shuningdek, u “biznes jarayonlarini yaxshilash, mahsulot va xizmatlar assortimentini kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish orqali kompaniyalar aholi va biznes uchun sifatli, arzon va innovatsion yechimlarni taqdim etishi"ni qayd etdi.
“Humo"ning xususiylashtirilishi
Iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.
Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o‘tdi. Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholadi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari “Spot” fintex bozori ishtirokchilari bilan “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, “Humo” bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning “Kaspi” bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashgandi.