14-yanvar kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi qabul qilindi.
Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Samarqand shahrida “Shirin” ishbilarmonlik markazi va turar-joylar kompleksini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Hukumat taklifi bilan Samarqand tumanidan 170 gektar, Oqdaryo tumanidan esa 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Qaror loyihasi mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullanganligi qayd etildi. Belgilangan tuman va shahar chegaralarining o‘zgarishi bilan “Shirin” shaharchasi tashkil etiladi.
Loyiha doirasida hududda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy soha obyektlari, 89 ta ko‘ngilochar va savdo komplekslari hamda tarixiy shaharcha barpo etiladi.
Bundan tashqari, massivni shahar bilan bog‘lovchi 2 ta katta ko‘prik, 112 km uzunlikdagi ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 6 km yer usti metro yo‘li quriladi. Shu bilan birga, ichki kommunikatsiya uchun 7,2 km uzunlikdagi tonnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va sug‘orish inshootlarini barpo etish rejalashtirilgan.
2023-yilning iyun oyida prezident “Shirin” massivining loyiha rejasi bilan tanishdi. Davlat rahbari loyihani yetakchi shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Iyul oyida mazkur shaharchani barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Buning uchun davlat muassasasi shaklida direksiya tashkil etilib, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskunalar uchun bojxona boji to‘lash bekor qilinishi belgilandi.