Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida BAA investitsiyalar vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi kompaniyalar delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“AD Ports Group” kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, “Tadweer” rahbari Ali al-Daheriy, “Plenary Group” rahbari Mustafo Faxur va “Ducab” rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etgan uchrashuvda yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqildi.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini o‘zlashtirish, mintaqaviy temir yo‘llarni rivojlantirish va “quruq” portlar barpo etish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish, ta’lim va tibbiyot sohalarida DXSh loyihalarini amalga oshirishga kelishildi. Amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Amirliklarda bo‘lib o‘tgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammiti doirasida ikki mamlakat o‘rtasida chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha shartnoma imzolandi. Hujjatni imzolashda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda BAAning “Tadweer Group” kompaniyasi ishtirok etdi.

Kompaniya tomonidan Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan chiqindi yoqish zavodi 10 gektar yer maydonda barpo etiladi. Qiymati $200 mlnga teng zavodda kuniga 1,5 ming tonna chiqindi yoqiladi.

Qurilish jarayonlarini 2025-yildan boshlash belgilangan. 2027-yilda esa Buxoro bilan birga, Navoiy viloyati uchun ham elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda energiya qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali olinadi.

Loyiha natijasida yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga ta’siri kamayadi va 363 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, chiqindi poligonlari 50%ga qisqartirilishi va 21 ming xonadon elektr energiya bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Loyiha doirasida 150 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilb, yiliga 350 nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.

2023-yilning dekabrida mazkur loyiha yuzasidan kompaniya bilan memorandum imzolangandi. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish, saralash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, chiqindi gazini yig‘ish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni boshqarish tizimi takomillashtirilishini qayd etgandi.

O‘zbekistonda $1,3 mlrd investitsiyalar evaziga 8ta chiqindini yoqish zavodi quriladi. Ohangarondagi maishiy chiqindi poligonida esa chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan. O‘tgan yilning oktabr oyida prezident bu loyihalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.