Tailand Vazirlar Mahkamasi kazino va qimor o‘yinlarini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.

Qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun parlamentga, so‘ngra qirolning imzosi uchun yuboriladi. Agar qonun qabul qilinsa, qimor o‘yinlariga faqat yirik ko‘ngilochar majmualardagina ruxsat etiladi.

Hujjat kazino faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni, shu jumladan litsenziyalash shartlari, yosh cheklovlari va yig‘imlarni belgilaydi.

Litsenziyalar 30 yilgacha amal qiladi va dastlabki to‘lov 5 mlrd Tailand bati (tahminan $143,9 mln) miqdorida talab qilinadi. Har yillik uzaytirish esa 1 mlrd batga ($28,7 mln) to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Tailand fuqarolari kazinoga kirish uchun 5000 bat ($143) to‘lashlari shart bo‘ladi. “Bangkok Post” xorijliklarning kazinoga kirish uchun to‘lov qilish-qilmasliklari haqida ma’lumot bermadi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Julapan Amornvivatning so‘zlariga ko‘ra, legallashtirish sayyohlar oqimini 5−10%ga oshiradi, shuningdek, 120 mlrddan 220 mlrdgacha qo‘shimcha daromad keltiradi. Bundan tashqari, qirollikda 15 minggacha ish o‘rni yaratiladi.

Hozirda Tailandda kazinolar va qimor o‘yinlarining aksariyat turlari taqiqlangan. Mamlakatda faqat davlat lotereyasida ishtirok etish va poygada pul tikish mumkin, deya aniqlik kiritdi “Reuters”.

"Citigroup Inc" baholashiga ko‘ra, agar kazinolar olti yil ichida faoliyat boshlasa, Tailand jahon qimor o‘yinlari sanoatida yetakchi o‘rinni egallashi mumkin.

“Bloomberg” nashrining ta’kidlashicha, mamlakatning ushbu sektordan keladigan yalpi daromadi $9,1 mlrdga yetishi mumkin. Bu esa Tailandni Makao va Las-Vegasdan keyin bozordagi uchinchi yirik o‘yinchiga aylantiradi.


Avvalroq “Spot” 2025-yildan qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat berilishi haqida yozgandi.

Yuridik shaxslar mazkur faoliyat uchun 4%lik aylanma solig‘ini to‘laydi. Fuqarolar yutuqlari esa daromad solig‘idan ozod etiladi.