Avvalroq prezident transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda mamlakatda yuk jo‘natuvchi va tashuvchini o‘zaro bog‘laydigan ekspeditorlik xizmatlarining asosiy qismi xorijiy kompaniyalarga to‘g‘ri kelishi ta’kidlangandi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida so‘nggi yillarda transport-logistika sohasida amalga oshirilgan islohotlar “ijobiy natija” berganini qayd etdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, transport sohasida tannarx kamida 30%ga kamaydi.
Davlat rahbari Jahon bankining logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. O‘rta muddatli istiqbolda kamida 30 ta o‘ringa ko‘tarilish vazifasi qo‘yildi (2023-yilda — 88-o‘rin).
Prezidentning dekabr oyida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuvida transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQS solish masalasi ko‘tarilgandi.
“Biz boshqa davlatlar tajribasini o‘rganib, [transport-ekspeditorlik] xizmatlarini QQSdan to‘liq ozod qilish bo‘yicha taklif kiritdik. Bu taklif prezidentning tegishli farmoniga kiritiladi, degan umiddamiz”, — dedi Ahadbek Haydarov.
Bundan tashqari, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari prezidentning taksi haydovchilariga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishlashga ruxsat berish muddatini uzaytirish bo‘yicha topshirig‘ini qayd etdi.
O‘zbekistonda transport sohasidagi ayrim xizmatlarga QQSni nol stavkasini qo‘llash rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning 2024-yil 27-dekabrdagi biznes uchun shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi farmoni yo‘l xaritasida keltirilgan.
Soliqning nol stavkasi transport-ekspeditorlik shartnomalari doirasida xalqaro yuk tashish bilan bog‘liq transport-ekspeditorlik va boshqa xizmatlarga tatbiq etiladi.
Xususan, ularga quyidagilar kiradi:
- yuklarni qabul qilish va berish, ortish-tushirish va saqlash;
- yuklarni sug‘urtalashni tashkil etish;
- tovarlar va transportning bojxona rasmiylashtiruvi;
- yetkazib berish muddatlari tugaganidan keyin yuklarni qidirish;
- yuklarni ekspeditorning omborxonalarida va ochiq joylarda saqlash;
- temir yo‘l vagonlari va konteynerlarini foydalanishga berish.
Tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov hamda transport vaziri Ilhom Mahkamovga topshirilgan. Uni shu yil mart oyi oxirigacha tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq prezident muammoli mamlakatlarni aylanib o‘tish uchun muqobil logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.