Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu-Dabiga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida BAA sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Presight” rahbari Tomas Pramotedam, “AIQ” rahbari Magjan Kenesbay va “Khazna” rahbari Hasan al-Naqbi hamda Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti prezidenti Erik Sing ishtirok etgan uchrashuvda Amirlik kompaniyalari bilan texnologiyalarni rivojlantirish va ularni turli sohalarda joriy etishga qaratilgan strategik sheriklikni kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Generativ sun’iy intellektni ishlab chiqish, shu jumladan energetika sohasida “katta til modellari"ni qo‘llash, Toshkentda yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti bilan almashinuvlarni faollashtirishga e’tibor qaratildi. Prezident talabalarni o‘qitish dasturini ishga tushirib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishni taklif etdi.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini birgalikda ishga tushirish, texnologik klasterlar tashkil etish va kontaktsiz to‘lov operatsiyalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish rejalari muhokama qilindi.

“Presight”, “AIQ” va “Khazna” kompaniyalari katta ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Muhammad bin Zoid universiteti sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan dunyodagi birinchi oliy ta’lim muassasasidir.

O‘tgan yilning dekabr oyida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbari farmoni bilan “bulutli” ma’lumotlar markazi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi kerak.

Bungacha, prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida “TBC Bank Group"ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirgandi.