O‘zbekiston va BAA kompaniyalari o‘rtasida 15ta hujjat imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
13-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi doirasida ikkita mamlakat rasmiylari hamda biznes vakillari o‘rtasida Abu Dabida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi $650 mlnga yetdi. Amirliklar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 337tani tashkil etadi, shundan 114tasi qo‘shma korxona bo‘lsa, 223tasi 100% xorijiy korxonalardir.
O‘tgan yilda o‘zlashtirilgan BAA investitsiyalari hajmi $1,5 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Tomonlar an’anaviy va muqobil energiya, infratuzilma, kimyo sanoati, geologiya, IT, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi loyihalarni birga amalga oshirmoqda.
“O‘zbekiston-BAA” investitsiya kompaniyasining investitsiya portfeli tibbiyot, geologiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi umumiy qiymati 192,5 mlnlik 7ta loyihani tashkil etmoqda. Yana $140 mlnlik 9ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Bu nnatijalar ikki davlatning iqtisodiy salohiyatini umuman aks ettirmasligi, hamkorlik hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks choralar ko‘rilayotgani qayd etildi.
Xususan, uchrashuvda “AMEA Power”, “Masdar”, “Solar Power Shine”, “M42”, “Burjeel Holdings”, “IFFCO Group”, “TWS”, “Alserkal Group”, “Metito”, “AD Ports”, “Jetex” hamda “Emirates Group” kabi kompaniyalar bilan 15 ta kelishuv imzolandi.
Hujjat energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv ta’minoti, transport, logistika sohalaridagi investitsiya bitimlari va shartnomalarni qamrab olgan.
Avvalroq “Air Arabia” Toshkentdan Ras-al-Xaymaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.