BAA kompaniyalari O‘zbekistondagi tibbiyot sohasidagi loyihalarda ishtirok etadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarining BAAga rasmiy tashrifi doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari FarhodjonTashpulatov Amirliklar tibbiyot muassasalari, nufuzli klinika va farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib bordi.

Xususan, investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “Ittihad International Investment LLC” xususiy investitsiya kompaniyasi mas’ullari bilan uchrashdi. Muloqot davomida davlat-xususiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan uch bosqichli loyiha ko‘rib chiqildi.

Uning umumiy qiymati $70 mlnni tashkil etib, birinchi bosqichda Farg‘ona viloyatining 14 ta tuman tibbiyot birlashmasi multispiral kompyuter tomografiyasi uskunalari bilan ta’minlanadi.

Ikkinchi bosqichda tuman tibbiyot birlashmalariga 86 ta MSKT uskunasi o‘rnatilib, ular soni 100 taga yetkaziladi. Oxirgi bosqich har bir viloyatda ixtisoslashtirilgan Riding markazlarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Bunda tuman va shaharlardan tasvirlarni onlayn yuborish yo‘lga qo‘yiladi hamda malakali kadrlar tayyorlanadi.

Vazirlik delegatsiyasi “Burjeel Medical City” shifoxonasida bo‘lib, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlik loyihalarini muhokama qildi.

Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hududidagi bo‘sh turgan yer maydonida DXSh asosida reabilitatsiya markazini qurishga kelishildi. Uning umumiy qiymati — $30 mln.

Shuningdek, Nukus shahrida qurilayotgan “Ona va bola” shifoxonasini va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini boshqaruvga olish bo‘yicha tanlovda ishtirok etishda hamkorlik qilinadi.

“M42” kompaniyasi ko‘magida O‘zbekistonda genetika laboratoriyasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

“Plenary” xususiy investitsiya kompaniyasi bilan DXSh asosida Nurafshon shahrida 400−500 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurishga kelishildi. Loyiha doirasida shifoxona yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, uning boshqaruviga professional kompaniya jalb qilinadi.

Avvalroq O‘zbekiston va BAA o‘rtasida 15 ta investitsion kelishuv imzolangani haqida xabar berilgandi.