Raqobat qo‘mitasi Umra xizmatlarini tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan reklama qilgani uchun 15ta sayyohlik kompaniyasini jarimaga tortdi.
Qo‘mitaning Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi boshqarmalari 10ta kompaniya — “Al-Azhar Travel”, “Atlas Avia Tour”, “Diyor Tour”, “Hiro Travel”, “Maknoon Travel”, “Marmara Travel Namangan”, “Meroj Travel”, “Profi-Travel”, “Sultan Travel 2022” hamda “Ideal Travel” tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni aniqladi. Mazkur kompaniyalarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yana 5 nafar turoperator ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qoidabuzarliklar “Fargona Tour 2022”, “Safo Marva”, “Umra Ziyorati Agentligi”, “Ziyoratul Umra” va “Buvaydaliklar Hayoti” Telegram-kanalida aniqlangan.
Shu bilan birgalikda, 10dan ortiq litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilindi. Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Dekabr oyida Raqobat qo‘mitasi Urganchdagi “Maftun Avia Travel” turoperatorini Umra tadbirlarini litsenziyasiz tashkil etish xizmatlarini reklama qilganlik uchun jarimaga tortdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yanvar oyida “Zaytun Turizm” va “Xurmo Travel Umra” kompaniyalarini xuddi shunday qoidabuzarlik uchun jarimaga tortdi.
Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.
Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi “Texnomart"ni jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Savdo tarmog‘iga reklama qonunchiligini buzgani uchun ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi.