Avvalroq Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi Toshkentdagi “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida biznes markaz qurishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati turk kompaniyasi bilan o‘tkazilgan onlayn-muzokara yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi tashkil etish faqat muhokama bosqichida bo‘lib, bu borada kompaniya taklifi tinglangan.
“Ayni vaqtda loyiha aniq amalga oshishi, uning muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Bunga o‘xshash takliflar yana bo‘lsa, tumanga investitsiya kiritish maqsadida hokimlik investorlar bilan uchrashishga tayyor”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hokimlik OAV va “Telegram"-kanallardan ma’lumot tarqatishda e’tiborli bo‘lishni va aholi orasida noto‘g‘ri fikr uyg‘otmaslikni so‘ragan.
“Albayrak Holding” “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida qurilishi belgilanayotgan “Skyvision” kompleksi loyihasini taqdim etgandi.
Loyiha taqdimotidan e’lon qilingan slaydga ko‘ra, majmuaga 4 ta ko‘p qavatli bino kiradi: ikkita turar joy binosi (“Crown Residence”), bitta tijorat osmono‘par binosi (“Skyscraper”) va aralash bino (“Wave Residence & Office”).
Bozorlarni qayta qurish
2024-yil boshida prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.
Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yildi. Natijada Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi boshlang‘ich narxdan 5% yuqori — 225,59 mlrd so‘m taklif qild i.
Bundan tashqari, dekabr oyida davlat rahbariga Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejalalari taqdim etildi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.
Avvalroq Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurishda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.