Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazi qurilishi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Vazirlik bu kabi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi. Shu bilan birga, Toshkentda amalga oshiriladigan barcha qurilishlarga bosh reja asosida ruxsat berilishi ta’kidlandi.
“Poytaxt bosh rejasiga ko‘ra, bu renovatsiya hududida 9 qavatgacha bino qurilishi belgilangan. Mazkur hududda “yirik biznes markazi"ning qurilishiga oid ruxsatnoma yoki arxitektura rejalashtirish topshirig‘i mavjud emas”, — deyiladi xabarda.
13-yanvar kuni Chilonzor tumani hokimligi Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi bilan “Beshyog‘och” bozori o‘rnida biznes markaz qurish bo‘yicha muhokama o‘tkazilganini xabar berdi.
Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, majmuaga 4 ta ko‘p qavatli bino kiradi: ikkita turar joy binosi (“Crown Residence”), bitta tijorat osmono‘par binosi (“Skyscraper”) va aralash bino (“Wave Residence & Office”).
Undan keyin hokimlik onlayn-muzokara yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berib, loyiha muhokama bosqichida ekanligini qayd etdi. Hozirda loyiha aniq amalga oshishi, uning muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Hokimlik bu kabi takliflar yana bo‘lsa, ko‘rib chiqilishini bildirgan.
Bozorlarni qayta qurish
2024-yil boshida prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.
Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yildi. Natijada Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi boshlang‘ich narxdan 5% yuqori — 225,59 mlrd so‘m taklif qild i.
Bundan tashqari, dekabr oyida davlat rahbariga Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejalalari taqdim etildi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.
Avvalroq Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurishda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.