O‘zbekistonda ko‘mir va propan savdosi uchun yangi yig‘im joriy etilishi mumkin. Bu haqda 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida keltirilgan.

Loyihada ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun kompensatsiya to‘lovini joriy etish ilgari surilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan takliflar ishlab chiqishi kerak.

Bunda uglerod izi yuqori bo‘lgan sanoat mahsulotlari uchun “Karbon yig‘imi” tizimini joriy etish belgilanmoqda. Bu o‘z ichiga sement, ko‘mir, siqilgan gaz va boshqalarni oladi.

Yig‘im joriy etilishi natijasida kelib tushadigan mablag‘larni hududlarda ekologiya muammolarini hal etishga yo‘naltirish nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, investorlarni jalb qilgan holda yirik korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish kengaytirilishi mumkin. Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish belgilanmoqda:

  • import hajmi yuqori bo‘lgan sanoat mahsulotlarini tahlil qilish va ularni mahalliylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash;
  • bunday mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion takliflarni ishlab chiqish va investorlarni jalb qilish;
  • sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish maqsadida yirik korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

Mahalliy kimyo sanoati korxonalarining issiqxona gazlari ajratmalarini xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu 2025-yilning may oyidan 2ta korxonada tajriba-sinov tarzida amalga oshiriladi.

Buning natijasida, joriy yilning oktabrigacha ishlab chiqaruvchilarning xalqaro talablarga tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, hukumatga kiritiladi.

Shuningdek, mamlakatda issiqxona gazlarini mustaqil tekshirish tashkiloti (validatsiya va verifikatsiya kompaniyasi) tashkil etilishi mumkin. Ularni 1-dekabrdan belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2025-yilda O‘zbekistonda $43 mlrdlik investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Natijada 300dan ortiq loyiha amalga oshirilishi, import o‘rnini bosuvchi 662ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.