Naqd pullarning pul muomalasidagi ulushi ilk bor 20%dan past ko‘rsatkichga tushdi. Bu haqda Markaziy bankning 2024-yil uchun naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhida keltirilgan.
2025-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami pul massasi (M2) yil davomida 30% dan ko‘proq o‘sib, 277 trln so‘mni tashkil etdi. Naqd pullar (M0) 53 trln so‘mga teng bo‘ldi, o‘sish — 15,2%.
Muomaladagi naqd pulning pul massasidagi ulushi 2,3 foiz punktga — 19,2% gacha (2022-yilda — 22,3%, 2023-yilda — 21,5 foiz) qisqardi.
O‘tgan yili umumiy pul tushumlari 840 trln so‘mni tashkil etdi (o‘sish — 26%). Shu bilan birga, naqd pul tushumlarining ulushi bir yil ichida 62% dan 60% ga kamaydi, terminallar orqali tushumlar esa 38% dan 40% ga oshdi.
Banklar orqali naqd pul aylanmasi 1 kvadrillion so‘mdan oshdi (+22%). Bunda naqd pul tushumi 501 trln so‘mni (+21%), berilgan naqd pullar 510 trln so‘mni (+19,5%) tashkil etdi. Yuzaga kelgan taqchillikni Markaziy bank muomalaga qo‘shimcha 10,3 trln so‘m naqd pullar chiqarish orqali qoplab bordi.
Chet el valyutasini sotib olish uchun bank kassalaridan naqd pul mablag‘lar chiqimi hajmi 22% dan 24% ga, mutlaq hisobda esa 122,4 trln so‘mga (+33,4%) oshdi.
Shuningdek, bank kartalariga 1,03 kvadrln so‘m mablag‘ tushdi, bu 2022-yilga nisbatan 86,6%ga ko‘pdir. Bank kartalari orqali 226 trln so‘m naqdlashtirildi, shundan 83%dan ortig‘i bankomatlar orqali yechib olingan.
2024-yilda muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarilishi natijasida banknotlarning umumiy soni 152 mln donaga ko‘paygan. Xususan, muomaladagi 200 ming so‘mlik banknotlar ulushi 18,6% dan 23,4% ga, 20 ming so‘mlik banknotlar ulushi 4,4% dan 6,7% ga oshdi. Shu bilan birga, 100 ming so‘mlik banknotlar ulushi 42,5% dan 40,9% gacha, 50 ming so‘mlik banknotlar ulushi 20,5% dan 16,6% gacha kamaydi.
Shunday qilib, 100 va 200 ming so‘mlik kupyuralarga naqd pul muomalasining 64% dan ortig‘i to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, eski namunadagi banknotlarni muomaladan bosqichma-bosqich qaytarib olish va ularni yangilari bilan almashtirish choralari ko‘rildi.
Natijada 5 ming so‘mlik banknotlar tarkibida eski namunadagi kupyuralar miqdori 67% dan 25% ga, 10 ming so‘mlik banknotlar 64% dan 24% ga, 50 ming so‘mlik banknotlar 61% dan 25% ga, 100 ming so‘mlik banknotlar 39% dan 18% ga qisqardi.
Avvalroq dekabr oyida Markaziy bank 3 ta moliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.